Coca-Cola Superliga 14-turidan o‘rin olgan “Buxoro” – “Turon” uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Uchrashuvni yaxshi, agressiv tarzda boshladik va bir nechta golli vaziyatlar yaratdik. Qizil kartochka barchasini o‘zgartirib yubordi. Kamchilikda o‘ynashga moslashib ulgurmasimizdan gol o‘tkazib yubordik. Ikkinchi taymda ham darvozamizdan to‘p olib chiqdik, ammo muvozanatni tiklay oldik. Maydonda 10 kishi qolib bunday ob-havoda 11 raqibga qarshi o‘ynash qiyin. Shu sabab, futbolchilarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular bahs so‘nggiga qadar kurashishdi.
Chetlatish sodir bo‘lgan vaziyatni men ko‘rganim yo‘q. Takroriy lavhalarni ham ko‘rmadim. Qizil kartochka haqiqatdan ham bor edi, deyishmoqda, biroq men ushbu vaziyatni ko‘rib chiqqanim yo‘q hali.
Xolto‘rayevni zaxiraga olishni istamas edim, lekin maydonda kamchilik bo‘lib qolganimizdan so‘ng himoya chizig‘ini mustahkamlamasa, bo‘lmas edi. Shu sabab majburiy o‘zgarishni amalga oshirdik.
Biz ligada qolish uchun oxirigachaga kurashamiz. Albatta, jamoada o‘sish kuzatilmoqda. Vaziyatlar yaratyapmiz, gollar kirityapmiz. Xatolar ham kamaygan. Bugun birinchi golda rekoshet bo‘ldi. Yana bir nechta vaziyatlarda darvozabon yaxshi harakat qildi. Bir daqiqa sabr qila olmadik.
Amalga oshirgan transferlarimizdan 80 foizga qoniqish hosil qildim. Boisi, o‘yinimiz o‘zgardi, agressiv futbol, vaziyatlar va gollar paydo bo‘ldi”, – dedi Baqoyev.