Coca-Cola Superliga ikkinchi davrasidan boshlab “Andijon” uy uchrashuvlari “Bobur arena”da o‘tkaziladi.
“Bobur arena” Superliga talablariga mos kelmasligidan kelib chiqib, “Andijon” mavsumning birinchi davrasini Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazdi. Endilikda Liganing sug‘orish va drenaj tizimiga, shuningdek, maydon maysasiga qo‘yilgan talab to‘liq bajarilgan. Projektorning talab etilgan lyuksini ko‘tarish ishlari esa davom etmoqda.
So‘nggi ikki hafta ichida Liga mutaxassislari ikki bor “Bobur arena”ni ko‘zdan kechirdi. 27-iyul oqshomida stadion projektorlari qayta o‘lchanadi. Joriy yilning 1-avgust sanasiga qadar projektor yorug‘ligi o‘rtacha 1800-2000 lyuksga yetkazilmasa, “Andijon” 15-turdan boshlab yana “Istiqlol” stadioniga qaytishi ko‘zda tutilgan.
Klub Bo‘stondagi maydon va u bilan bog‘liq ishlarni to‘la yakunlamaganidan kelib chiqib, “Nasaf U21” jamoasiga qarshi bellashuv ham “Bobur arena”da o‘tkaziladi. Bu borada Liga maydon holati yuzasidan uning ustida ishlagan mutaxassislar bilan fikr almashgan.