“Bobur arena” projektorlari 1340 lyuksga yetkazildi

“Bobur arena”ni Superliga bellashuvlariga tayyorlash ishlari davom etmoqda. 12-iyul kuni Liga mutaxassislari Andijonda bo‘lib, rasmiy uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan, biroq rejadan ortda qolayotgan masalalarni bayonlashtirgandi. 21-23 iyul kunlari Liga Andijonga navbatdagi bor o‘z mutaxassislarini yubordi. 

Kelishuvga ko‘ra “Bobur arena” stadioni projektorlari 19-iyul sanasiga qadar 1500 lyuksni tashkil qilishi kerak edi. Biroq 22-iyul holati bo‘yicha projektor yorug‘ligi o‘rtacha 1340 ni ko‘rsatdi. Kiyim almashtirish, hakamlar, komissar va boshqa xonalarni tayyorlash ishlari deyarli yakuniga yetgan bo‘lib, mazkur xonalarni jihozlash ishlari qolgan. Ish qay tariqa bajarilayotganini ko‘zdan kechirish maqsadida kecha — 23-iyul kuni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham “Bobur arena”ga tashrif buyurgan. 

O‘tgan yilning 16-noyabr kuni viloyat hokimi hamda Liga rahbari o‘rtasidagi kelishuv asosida “Bobur arena”da sug‘orish va drenaj tizimi, shuningdek, maydon talab darajasiga keltirildi. Projektorlarni sozlash harajatlari qoplab berildi. Ayni kunlarda projektorning qolgan texnikasi O‘zbekistonga kirib kelayotgan bo‘lib, yaqin kunlar ichida uning yorug‘lik darajasi o‘rtacha 1800-2000 lyuksga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. 

Shunga qaramay, Bo‘ston dahasida joylashgan stadion bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etilmagan. “Andijon” klubi rahbariyati shu yilning may oyida Ligaga rasmiy xat bilan chiqib, U21 jamoasining uy uchrashuvlarini shartli ravishda Bo‘stonda o‘tkazish masalasida yordam so‘ragan. Biroq hozirgi kunga qadar texnik zona bilan bog‘liq talablar umuman bajarilmagan.

Andijon viloyati hokimligi, viloyat futbol assotsiatsiyasi hamda Liga “Bobur arena”ga Superligani qaytarish ustida ishlamoqda. Ishonamizki, juda qisqa vaqt ichida katta hajmdagi ishni amalga oshirishning imkoniyati bo‘ladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb