Coca-Cola Superliga 8-turning qoldirilgan o‘yinida o‘z maydonida “Turon”bilan durang qayd etgan “Metallurg” jamoasi yordamchi murabbiyi Ilyosjon Qurbonov jamoasiga nima etishmagani, bosh murabbiy, maydonga tusha olmagan futbolchilar va kelgusi rejalar haqida o‘z fikrini bildirdi.
“Bugun qiyin o‘yini kechishini bilgandik. Raqib uchun ham bu hayot-mamot bahsi edi. Shu bois, bahs ancha qiyin kechdi. Bugun bizga so‘nggi nuqtani qo‘yadigan o‘yinchi etishmadi. Birinchi bo‘lib gol urib olganimizda o‘yin boshqacha tarzda kechardi. Ammo, buni uddalay olmadik. Balki yigitlarga mahorat etishmagandir, bilmayman”, - dedi murabbiy.
“Bugun o‘yinga tusha olmagan futbolchilarning o‘rni bilindi deb ayta olmayman. Ularning o‘rni bilinmadi. Tarkibda boshqa futbolchilar ham bor. Ularda ham etarli tajriba bor”.
“Ikkinchi davraga boshqa kayfiyatda tayyorgarlik ko‘ramiz. Ikkinchi davra boshida biz “Neftchi” va “Navbahor” kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushamiz. Har o‘yinda gol o‘tkazib yuborayapmiz, shuning uchun himoyani mustahkamlashimiz kerak”.
“Mavsum oralig‘ida jamoani kuchaytirishimiz kerak. Bu borada rahbariyat ishlayapti. Ikkinchi davrada ikkita-uchta chiziqlarga yangi futbolchilar olishni rejalashtirayapmiz. Himoyada oqsayapmiz va shu bois aynan shu chiziqqa futbolchi olishimiz kerak”.