Coca-Cola Superliga 8-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Nasaf” (2:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugun ikki jamoa ham bir xil sxemada o‘ynagani uchun asosan yuqoridagi to‘p uchun kurash bo‘ldi. “Neftchi” buni yaxshi o‘zlashtirgan va asosan uzun to‘plar bilan va standartlarda yaxshi harakat qiladi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Uzun paslar, to‘p uchun kurash ko‘p bo‘ldi. Penalti va jarima zarbasidan oson gol o‘tkazdik. Bu vaziyatda futbolchilarda ham, darvozabonda ham ayb bor.
Hakamlar maydondagi eng muhim shaxslardan biri sanaladi, ammo ularni muhokama qilmoqchi emasman. Aybni ulardan emas, o‘zimizdan izlagan ma’qul. Hujumda kutilganidek harakat qilmadik. “Neftchi” singari uzun paslar bilan o‘ynaydigan jamoaga qarshi harakat qilishga u qadar ko‘nikmaganmiz va bu biroz qiyinchilik tug‘dirdi. Biz bu narsaga unchalik ham tayyor emasdik.
Mozgovoy bizning asosiy futbolchimiz. Ertalab maydonga tusha olmasligini bildirganidan so‘ng uni qaydnomaga kiritmadik. Albatta, uning o‘rni bilindi. Uning o‘rnida Eshmurodov ham yomon harakat qilmadi. Standart vaziyatlarda raqibga imkoniyat berdik.
O‘ylashimcha, durang adolatli natija bo‘lardi. Vaziyatlar kam bo‘lishini bilardik. Shu sabab ham standart vaziyatlardan foydalanish kerak edi. Raqib buni yaxshiroq uddaladi. O‘sha vaziyatlarda biz xato qildik.
Jamoamizdagi asosiy muammo bu hujum chizig‘i. Hozirda yaxshi hujumchi izlayapmiz. Oldingi chiziq uchun yangi futbolchilar bizga kerak”, – dedi Berdiyev.