Coca-Cola Superliga 8-turning qoldirilgan o‘yinida o‘z maydonida “Nasaf”ni mag‘lub etgan “Neftchi” klubi bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko, g‘alaba, raqibning kuchi, Nazarovning o‘yini va jamoadagi raqobat haqida gapirdi.
“Nasaf” – ligadagi eng noqulay raqiblarimizdan biri. Bu jamoa chiroyli va tartibli o‘ynaydi va ularga qarshi ochiq o‘yin namoyish etish qiyin. Bugun himoyada tartibli o‘ynab, hujumda ishonchli harakat qilishni maqsad qilgan edik. Maqsadimizga erishdik va uzoq kutilgan g‘alabaga erishdik”, - dedi Levchenko.
“Jamoada raqobat bo‘lsa rivojlanish bo‘ladi. O‘yinga kim ko‘proq va yaxshiroq tayyor bo‘lsa, maydonga aynan u tushadi. Raqobatda kim yutsa uning imkoniyati ko‘proq. Buni futbolchilar yaxshi bilishadi va mashg‘ulotlarda qattiq mehnat qilishmoqda. Chunki, u tayyor bo‘lmasa, maydonda uning joyini egallashga boshqa tayyor futbolchi bor. Bu jamoamiz uchun muhim faktor. Raqobat bo‘lsa o‘sish bo‘ladi”.
“Nazarov ham hozirda aynan raqobat tufayli asosiy tarkibdan joy olib kelmoqda. Bu uning yutug‘i. Aytganimdek, raqobatda yutgan futbolchi asosiy tarkibda o‘ynaydi”.
“Ikkinchi davraga tayyorgarlik jarayoni reja va grafik bo‘yicha olib boriladi. Jamoaga yangi futbolchilarni jalb etishga harakat qilayapmiz. Ikkinchi davrada boshqacha kayfiyat va kuchli tarkib bilan kirishishni istaymiz. Albatta, yangi qon kerak. Bu bo‘yicha harakat boshlangan”.
“Stadionda bizni qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarimizga alohida rahmat. Bu juda muhim faktor. Jamoa buni doimo his qiladi. Aynan ularning qo‘llovlari evaziga jamoamiz muhim ochkolarni qo‘lga kiritmoqda. Ikkinchi davrada ham ularni chiroyli g‘alabalar bilan xursand qilishni istaymiz”.