Sergey Arslonov: Jamoamiz yoshlarga e’tibor qaratishni susaytirmaydi

Coca-Cola Superliga 8-turning qoldirilgan o‘yinida safarda “Olimpik” bilan durang o‘ynagan “Surxon” klubi bosh murabbiyi Sergey Arslonov o‘yin haqida o‘z fikrini bildirdi.

“O‘yin asabiy tarzda kechdi. Raqibning kuchli tomonlarini bilardik. Birinchi taymda raqibga ayrim xududlarni nazorat qilishiga halaqit qila olmadik. Ikkinchi taymda vaziyatni o‘zgartirishga erishdik. Umuman olganda, o‘yindagi vaziyatlardan kelib chiqsak durang adolatli natija”, - dedi Arslonov.

“Jamoamiz musobaqa jadvalida bugungi egallab turgan o‘rnini olsak, ko‘pchilik buni kutmagan bo‘lishi mumkin, ammo jamoamiz ambitsiyasi yuqori va bu tasodifiy natija emas. Aytishim mumkinki, xohish borasida hech bir jamoaga yutqazmadik”.

“Asilbek Jumayevning bugun maydondagi pozitsiyasi shunday edi. U o‘yinni o‘z qo‘liga olishi va hujumlarni boshlab keskinlikni oshirishini rejalashtirgandik. Shuning uchun ham to‘p uchun kurashlarda biroz keskinroq o‘ynagan bo‘lishi mumkin. Uning pozitsiyasi shuni taqozo qilardi. Hujumlarni boshlashda raqib hududiga yaqinroq o‘ynadik. Shu bois, uning harakatlari biroz keskinroq ko‘ringandir”.

“Jamoamiz yoshlarga e’tibor qaratayotgani o‘z samarasini berayapti. Masalan, Jumaev yoshlar jamoasida o‘ynab e’tiborga tushdi va bugun u asosiy tarkib o‘yinchisi. Jamoamizning falsafasi ham yoshlarni jalb etishga va ularga imkon berishga qaratilgan. Qolaversa, yoshlarni o‘zimizning mintaqadan qidirishga harakat qilayapmiz. Surxondaryoda doim iste’dodli futbolchilar yetarlicha bo‘lgan. Ularni tarbiyalab kelajakda asosiy jamoada o‘ynashiga sharoit yaratib berish asosiy maqsadimiz. Murabbiy sifatida U21 jamoamiz o‘yinlarini doimiy ravishda tomosha qilishga harakat qilaman. Bu musobaqa aynan yoshlarni ko‘zdan kechirish va ularni asosiy jamoaga tayyorlab borishni ko‘zda tutadi”.

mib
uzcard
cola
apex
bmb