Coca-Cola Superliga 8-turning qoldirilgan o‘yinida safarda “Navbahor” klubiga minimal hisobda yutqazgan “Buxoro” klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev mag‘lubiyat sabablari, jamoalarning turlicha vazifalari, raqib va Norxonovning o‘yini borasidagi savollarga javob berdi.
“Bugun turli vazifalar uchun kurashayotgan ikki jamoa o‘yiniga guvoh bo‘ldik. “Navbahor” chempionlik uchun kurashayotgan bo‘lsa, biz ligada qolish uchun kurashayapmiz. Jamoalar orasidagi tafovut hozircha shunday. Shunga qaramay, o‘yin teng kurashlar ostida kechdi deyish mumkin. Raqib to‘pga egalik qilishda, standar vaziyatlarda ustunroq o‘ynadi. Ammo, bizda ham etarlicha imkoniyatlar bo‘ldi. Ammo, gol kirita olmadik. Raqib esa, imkoniyatidan foydalandi va gol urdi. Bu g‘alaba bilan ularni tabriklayman. “Navbahor” keyinroq xalqaro musobaqada ham yurtimiz sharafini himoya qiladilar. Ularga ushbu musobaqada ham omad tilayman”, - deydi Baqoev.
“Ob-havo harorati issiqroqligi sabab ayrim o‘yinchilarimizda charchoq alomatlari sezildi. Markaziy himoyachimiz va Aleksandr Kasyan aynan shuning uchun almashtirildi. Vaqtni atayin cho‘zish haqida ko‘rsatma bo‘lmagan. Biz aksincha darvozabonimizga to‘pni tezroq o‘yinga kiritish kerakligini aytib turdik”.
“Norxonov mahoratli va tajribali hujumchi. Uning kuchli tomonlari ko‘p. Balki, “Navbahor”da adaptatsiya jarayoni qiyinroq kechgandir”.
“Ochig‘ini aytaylik, “Navbahor”ning barcha chiziqlarida top saviyali futbolchilar to‘p suradi. Himoyada ham, yarim himoya va hujumda ham. Qolaversa, jamoa uyida o‘ynaganda psixologik ustunlik ular tomonda bo‘ladi. Bugun raqib ushbu imkoniyatlaridan foydalana oldi”.