Coca-Cola Superliga 8-turning qoldirilgan o‘yinida o‘z uyida “Buxoro”ni minimal hisobda mag‘lub etgan “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Samvel Babayan g‘alaba, raqib taktikasi, chempionat darajasi va chempionlik kurashi haqida gapirdi.
“Avvalo, bugungi g‘alaba uchun yigitlarga rahmat. Muxlislarimizni ham bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Turnir jadvalidan va so‘nggi o‘yinlardagi bosimdan kelib chiqsak, bugungi g‘alaba juda muhim edi. Raqib himoyada keskin o‘ynadi. Ularni xato qilishga majbur eta oldik”, - dedi Babayan.
“So‘nggi vaqtlarda Superliga klublari moddiy-texnik bazasini kuchaytirishga harakat qilishayapti. Bundan esa faqat liga yutadi. O‘tgan mavsumda chempionlik so‘nggi turda hal bo‘ldi. Bu esa, jamoalarning darajasi kuchayganini anglatadi. Ikkinchi davrada barcha jamoalar o‘z tarkiblarini kuchaytirishga harakat qiladilar. Kim ko‘proq va yaxshiroq tayyor bo‘lsa chempionlik uchun imkoniyatlari yuqori bo‘ladi”.
“17 yoshli o‘smirlarimiz Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etishdi va jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. Bu tarkibda “Navbahor”ning 4 nafar futbolchisi bor. Bundan esa albatta xursandmiz. Bu esa, yoshlar bilan to‘g‘ri ishlayotganimizdan darak. Ular Jahon chempionatida terma jamoamiz sharafini himoya qilishdan tashqari bizning nomimizni ham barchaga tanitishadi”.
“Albatta, ikkinchi davrada tarkibimizni yanada kuchaytirishni istaymiz. Bu borada ishlar ketmoqda. Agarda yangiliklar bo‘lsa, bu borada matbuot xizmati barchani xabardor qiladi. Aniq ayta olamanki, jamoa ikkinchi davraga yaxshiroq tayyorgarlik va yanada kuchliroq tarkib bilan kirishadi”.