Coca-Cola Superliga 13-turida safarda “Bunyodkor”ni mag‘lub etgan “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi Maksim Shatskix g‘alaba, xarakter, Hamrobekovning pozitsiyasi va boshqa himoyachilar haqida gapirdi.
“Muxlislarga manzur keladigan o‘yin bo‘ldi. Ayniqsa, “Paxtakor” muxlislariga. Ko‘plab vaziyatlar yaratdik, ammo to‘p negadir darvozaga kirishni istamagandek. Ba’zida shunday o‘yinlar bo‘ladiki, to‘p umuman darvozaga kirmaydi. Ammo, yakunda jamoa yana o‘z xarakterini ko‘rsatdi. Unutmaslik kerakki, bu o‘yin – derbi. Bunday derbilarda esa doim ikki barobar kuch va xohish bilan o‘ynash kerak”, - deydi Shatskix.
“Markaziy himoyachi pozitsiyasi uchun Hamraliev varianti ham bor edi. Ammo, uning jismoniy holati qanday ekanligidan xabarim yo‘q. U yoshlar bilan safarda edi. Uning o‘yinlarini kuzatishning imkoni bo‘lmadi va tavakkal qilmaslikka qaror qildik. Odilning o‘yinlarini esa kuzatish imkoni bor edi. Shu bois, aynan Hamrobekovni tushirdik”.
“Holmatovga kelsak, uning mashg‘ulotlardagi harakatlari bizga yoqqani uchun bugun asosiy tarkibda unga imkon berdik. U bugun boshqa pozitsiyada o‘ynadi va aytishim kerakki, yomon harakat qilmadi. Uni bir necha pozitsiyalarda sinab ko‘rdik. U to‘pni yaxshi ko‘radigan o‘yinchi, shuning uchun unga markaz qulayroq deyish mumkin. Holmatov universal futbolchi va maydonning istalgan qismida jamoaga foyda keltiradi”.
“Ikkinchi bo‘limda tezroq o‘ynadik. Tempni oshirdik va to‘pni uzatishda ham tezroq harakat qildik. Raqib zich himoyaga yotgani uchun qanotda ustunlik qilish maqsadida hatto qanot himoyachilarimizni ham oldinga chiqib o‘ynashini aytdik. Bugun qanotlardan juda ko‘p hujum qildik, krosslar amalga oshirdik. Taktikani o‘zgarishi faqat oxirida yordam berdi”.