Coca-Cola Superliga 13-turida o‘z maydonida “Paxtakor”ga mag‘lub bo‘lgan “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Murod Otajonov o‘yindagi xatolar va fan klub bilan bog‘liq masala haqida fikr bildirdi.
“O‘yinni oxirida to‘p o‘tkazib yuborib mag‘lubiyatga uchrash alamli. Bunday holatlar ham bo‘lib turadi. “Paxtakor”ni g‘alaba bilan tabriklayman. Yigitlarga e’tirozim yo‘q. Ular bugun yaxshi harakat qilishdi”.
“Fan klub nima uchun o‘yinga tashrif buyurmagani borasida hech nima bilmayman. Ochig‘i, bizga ham g‘alati tuyuldi. Buni stadionga kelib bildik. Bu savolga murabbiy emas klub javob berishi mantiqliroq bo‘lardi”.
“Klubdagi o‘zgarishlar haqida unchalik xabarim yo‘q. Rahbariyat o‘zgarganini hamma biladi. Qolgan mish-mishlar esa hozircha mish-mish. Klub haqida yangiliklar bo‘lsa xabar beramiz”.
“Bunyodkor” stadioni bizga noqulay stadion demagan bo‘lardim. Yaqinda termamiz o‘ynadi va ushbu stadionda yoshlarimiz Osiyo chempioni bo‘lishdi. Bizga ham bu yerda o‘ynash qulay. Ushbu stadionda g‘alaba qozona olmayotganimiz esa, omad tufayli bo‘lsa kerak”.
“Doniyor Abdumannopov bugun maydonga tushishi o‘yingacha so‘roq ostida turgandi. O‘yin yakunida tavakkal qilishni istamadik va uning almashtirilishining sababi shu”.