Coca-Cola Superliga 12-turida o‘z maydonida “Olimpik”ni mag‘lub etgan “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Samvel Babayan ochiq o‘yin, kamchiliklar, Yo‘ldoshevga tanbeh bergani va rotatsiya haqidagi savollarga javob qaytardi.
“Dastlabki daqiqalarda raqib himoyasini yorib o‘tishni reja qilgandik. Buni deyarli uddaladik, ammo vaziyatlardan foydalanishda aniqlik etishmadi. Menimcha, bugun muxlislarga yoqadigan o‘yin bo‘ldi. Ular mazza qilishdi deyish mumkin. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman”, - dedi Babayan.
“Murabbiy sifatida albatta kamchiliklar borligini inkor etmayman. Hali ustidan ishlashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. Ideal formaga kirib olish uchun tinib bilmay mehnat qilayapmiz”.
“Yo‘ldoshevga uchrashuv yakunida jarohati jiddiyroq bo‘lmasa o‘yinni davom ettirishi kerakligini aytgandim. Raqiblar bizga qarshi simulyatsiyalar ishlatishi va turli nayranglar qilishi odat tusiga kirdi. Maydonda bir kishi kam bo‘lib qolmaslik uchun unga o‘yinni davom ettirishini va o‘yinni yuqori notada yakunlashi kerakligini aytdim”.
“Bunyodkor”ga qarshi o‘yiining birinchi taymida barcha o‘ylagan rejalarimiz o‘xshadi. O‘z o‘yinimiz orqali kerakli natijaga erishdik. Barchasini to‘g‘ri va mukammal bajardik. Bunday natija aynan shu omillar evaziga yuzaga keldi. Ikkinchi taym esa biz kutgan reja ostida o‘tmadi. Hotirjamlikka berildik. Biz hali mukammal darajaga chiqmadik. Ammo, bu borada tinmay ishlayapmiz. Bejizga peshqadamlik qilmayotganimizni isbotlashimiz kerak”.