Coca-Cola Superliga 12-turida safarda OKMKga mag‘lub bo‘lgan “Buxoro” klubi bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev mag‘lubiyat sabablari va ikkinchi davradagi rejalari haqida fikr bildirdi.
“Bugun o‘yinni yaxshi boshlagan edik, dastlabki golni urdik, ammo yana o‘sha xatolar tufayli mag‘lub bo‘ldik. Himoyachining qo‘pol xatosidan keyin raqib gol urdi. Hisob 1:1 bo‘lib turganda qulay vaziyatdan gol ura olmadik va ketidan raqibga gol urish imkonini berdik. Hisob 2:1 vaqtida esa yana bir yuz foizlik vaziyatni boy berdik va ketidan yana raqibdan gol o‘tkazib yubordik. Bu futbol va xatolarsiz mumkin emas. Bugun aynan juda qo‘pol xatolarimiz evaziga yutqazdik”, - dedi murabbiy.
“Albatta, kelayotgan transfer oynasi vaqtida tarkibga kerakli futbolchilarni jalb etishga majburmiz. Yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishda limit bor va faqatgina besh nafar futbolchini jalb qilishimiz mumkin. Bu kam, albatta, ammo vaziyatdan chiqishga urinamiz”.
“Futbolda tajriba va mohoratning o‘rni katta. Omad kelmadi deyish oson. O‘ynashni biladiganlar va bilmaydiganlar bor. Futbolda tajriba va mahorat bo‘lmasa natijaga erishish qiyin. Vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlaymiz.
“Oldingi o‘yinlarda ham omad kelmagani va tajribasizlik qilganimizni aytishim mumkin. Mana, “Paxtakor”ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqasida penaltidan foydalana olmadik. Yana shunday bir necha vaziyatlarni eslash mumkin. Umuman olganda, bizga hozir tajribali, har jabhada raqibga raqobat qila oladigan futbolchilar kerak”.