Coca-Cola Superliga 11-turida safarda “Bunyodkor”ni yirik 5:1 hisobida mag‘lub etgan “Navbahor” klubi bosh murabbiyi Samvel Babayan g‘alaba siri, professionallik, yangi kelib qo‘shilgan futbolchilar va O‘runovnig almashtirilishi haqida gapirdi.
“Bugun mavsumdagi eng yaxshi o‘yinimizni o‘tkazdik deya olaman. G‘alaba uchun futbolchilarga rahmat. Ular bugun haqiqiy professional ekanliklarini isbotlashdi. Raqibdan har jihatda ustunlik qildik, ayniqsa birinchi taymdagi o‘yinimiz tahsinga sazovor. Bugun g‘alaba qozonsak jadvalda birinchi o‘ringa ko‘tarilardik. Bu g‘alaba psixologik jihatdan juda muhim ekanligini bilardik”, - dedi Babayan.
“Bugun barcha komponetlarda raqibdan ustunlik qildik. O‘yinni tashkil etishda, taktikada va boshqa jihatlarda ustunlik qildik. Mavsum avvalida ko‘pchilik ketdi, boshqalar keldi. Asosiysi – o‘yin uslubimizni saqlab qoldik va uni o‘yinlar davomida sayqallashtirib borayapmiz. ”.
“O‘runovning avvalgi o‘yinda orttirgan jarohati asorati hali bor. Bugun uni masala deyarli aniq bo‘lib ulgurgan vaziyatda almashtirdim”.