Muborakning “Mash’al” futbol klubi o‘zining uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “Bahrom Vafoyev” stadioni joriy yilning 15-iyul sanasidan boshlab Pro liga bellashuvlarini qabul qila olmasligi mumkin.
Ikki mavsum avval Liga Superliga klublariga projektorlar yuzasidan qat’iy talab qo‘ygan bo‘lib, stadioni yoritish tizimi talabga javob bermaydigan futbol klublari o‘z uy uchrashuvlarini boshqa arenada o‘tkazishga majbur bo‘lgandi. Buning natijasida Superliga bellashuvlarini issiq ob-havo sharoitida to‘liq kechki salqinda o‘tkazishga erishildi.
Bugunga kelib, Pro liganing 11 klubidan 9 tasi projektorlari minimal talablarga javob beradigan stadionlarda o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazib kelmoqda. Biroq ular orasida “Bahrom Vafoyev” stadioni yo‘q. Pro liganing birinchi davrasi doirasida “Mash’al” yoz faslida o‘z maydonida o‘yin o‘tkazmaydi. Shundan kelib chiqib, Liga klubga 15-iyulga qadar muhlat berdi. Unga qadar projektor masalasi ijobiy hal qilinmasa, “Mash’al” uy uchrashuvlari uchun boshqa stadion topishiga to‘g‘ri keladi va ikkinchi davradan boshlab uy o‘yinlarini Muborakda o‘tkazmaydi.
Ma’lumot uchun, Pro liganing boshqa bir klubi “Aral” to‘p surishi rejalashtirilgan Nukusdagi katta stadion 2023-yildan boshlab ta’mirga kiradi. Shundan kelib chiqib, 2024-yilning iyun oyiga qadar “Aral” uchun muhlat belgilangan. Unga qadar projektorlar minimal ko‘rsatkichga olib chiqilmasa, “Aral” ham uy uchrashuvlarini boshqa arenada o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Liganing uch yillik rejasiga ko‘ra, 2024-yilning yoz oyidan boshlab Pro liganing barcha futbol klublari projektori talabga javob beradigan stadionda o‘ynashi lozim.