“Shahrixonchi” jamoasi 2022-yilgi mavsum Birinchi liga musobaqasida ishtirok etish uchun qator talablar ijrosini o‘z zimmasiga olgan bo‘lib, bugunga kelib ularni lozim darajada bajarmadi.
Shundan kelib chiqib, Liga “Shahrixonchi” jamoasi o‘z stadionida futbol uchrashuvlarini tashkil etmasligi yuzasidan qaror chiqardi. Bunda futbol jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazish uchun boshqa stadiondan foydalanishi lozim edi. Garchi jamoa boshqa stadion bo‘yicha taklif kiritish masalasini paysalga solgan hamda belgilangan talablarga o‘z vaqtida rioya qilmagan bo‘lsa-da, Liga tumanning ko‘p sonli futbol ishqibozlarining iltimosidan kelib chiqib, Birinchi liga 5-turidan o‘rin olgan “Jayxun”ga qarshi bellashuvni Shahrixondan uncha uzoq bo‘lmagan Oltiariqda o‘tkazishga ruxsat berdi.
Biroq “Shahrixonchi” jamoasi rahbariyati mazkur bellashuvga umuman tayyorgarlik ko‘rmagani, uchrashuvni o‘tkazish uchun zarur sharoit tashkil qilmagani uchrashuv komissari tomonidan qayd etildi. Mazkur sabablardan kelib chiqib, “Shahrixonchi” jamoasi Birinchi liganing qolgan uchrashuvlarini faqatgina raqib jamoa maydonida o‘tkazadi. Stadion borasida Liga tomonidan jamoa oldiga qo‘yilgan talablar to‘la hal qilingan taqdirda mazkur qarorni o‘zgartirish varianti ko‘rib chiqiladi.