Coca-Cola Superliga 10-turida o‘z maydonida “Buxoro”ni mag‘lub etgan “Paxtakor” klubi bosh murabbiyi Maksim Shatskix muammolar, hujum va himoya chizig‘idagi kamchiliklar, raqobat va jamoa qaysi chiziqlarga o‘yinchi qidirayotgani haqida gapirdi.
“Negadir, o‘zimizga shunday muammolar tug‘dirishni yoqtiramiz. Doim shunaqa, oldin muammo yaratib, keyin to‘g‘irlash yoqadi shekilli. Umuman olganda, muxlislarimiz uyga xursand bo‘lib ketishdi deya olaman. G‘alaba qozondik, o‘yin oxirida penaltini qaytardik, qizil kartochka – barchasini ko‘rishdi. Bu nuqtai nazardan ularga yoqadigan o‘yin bo‘ldi. Shunchaki, oddiy g‘alaba qozonish qiziq emasdek, oldin o‘zimizga muammolar yaratib, keyin qiynalayapmiz. Bugun uch ochko oldik va bundan xursandmiz”, - dedi murabbiy.
“Agar futbolchida hujumchi hislatlari bo‘lmasa, foydasiz. Hujumchi – bu boshqa amplua. Unda yirtqich instinkti, goledorlik qobiliyati bo‘lmasa, bu chiziqqa kimni qo‘ymang – foydasiz. Hozirda bizda hujumda futbolchi yo‘q. Banashak jarohatlangan. Doston Hamdamovni hujumda tajribasi yo‘q. Boshqa variantimiz yo‘q edi. Bizda, shunchaki hozir hujumchi yo‘q”.
“Hozir jamoadagi hamma pozitsiyaga futbolchi kerak. Himoyachi, vinger, insayd, hujumchi – barcha pozitsiyaga futbolchi kerak. Barcha pozitsiyalarga futbolchi izlayapmiz”.
“Himoyadagi xatolar bizni qiynayotgani rost. Bu borada ishlayapmiz, mashg‘ulotlarda izlanayapmiz, ammo, konsetratsiya yo‘qotayapmiz. Bu borada doim gapirayapmiz. Bugun himoyada yomon o‘ynamadik. Balki futbolchilar xaddan tashqari o‘zlariga ishonib yuborishayotgandir, bilmayman. Yuqori tempda o‘ynaydigan jamoalar bilan o‘yinda yaxshi o‘ynayapmiz, ammo, darajasi biroz pastroq jamoalar bilan qiynalayapmiz”.
“Abbos Fayzullayevdan boshqa yoshlarimiz bor. Ularga ham qattiq ishonamiz. Terma jamoa safidan qaytishini kutayapmiz. Umuman olganda, jamoada raqobat bo‘lishi kerak. Busiz rivojlanish bo‘lmaydi. Hech kim, hech bir jamoa raqobatsiz rivojlanmaydi”.