Coca-Cola Superliga 10-turidan o‘rin olgan “Qizilqum” – “Olimpik” uchrashuvidan so‘ng mehmon jamoa bosh murabbiyi Timur Kapadze o‘z fikrlarini bildirdi.
“Bugungi bahs qiyin bo‘lishini bilar edik. “Qizilqum”ga qarshi Navoiyda o‘ynash oson emas, qolaversa, turnir jadvalidagi o‘rnidan kelib chiqib, mezbonlarga ochko juda ham zarur edi. “Qizilqum”da murabbiy o‘zgardi. Tachmurod Agamurodovni yaxshi bilaman, hurmat qilaman. Shu bois, uchrashuv biz uchun oson o‘tmasligi va raqib himoyaviy o‘yin ko‘rsatishi ma’lum edi. Birinchi bo‘lim so‘nggida sodir bo‘lgan chetlatish bizga qo‘l kelganini ta’kidlash kerak.
Seleksiya ishlari muntazam olib borilmoqda. U21 Chempionati bellashuvlarini ham kuzatib boryapmiz. Bu borada murabbiylar shtabi ish olib bormoqda va kengaytirilgan ro‘yxatimiz mavjud.
“Olimpik”ning asosiy maqsadi futbolchilarni olimpiadaga tayyorlash va yo‘llanmani qo‘lga kiritish. Balki, bu jamoa bo‘lmaganida, ushbu futbolchilar faoliyatini davom ettirayotgan bo‘larmidi yoki yo‘q, buni bilmadim. Ortda qolgan ikki yil davomida biz yaxshi ish olib bordik va Superliganing istalgan jamoasida o‘ynay oladigan futbolchilarni etishtira oldik.
“Qizilqum” tarkibida o‘tgan mavsum bizning jamoada to‘p tepgan ikki futbolchi bor. “Nasaf”dan kelib qo‘shilgan Murodbek Rahmatov ham asosiy tarkibda boshladi o‘yinni. Bundan xursandman. Navoiyliklar o‘zlariga yarashmaydigan o‘rinda borishmoqda. Umid qilamanki, jamoa mavsum so‘nggida turnir jadvalining yuqorisida bo‘ladi”, – dedi Kapadze.