Coca-Cola Superliga 9-turidan o‘rin olgan OKMK – “Qizilqum” (4:0) uchrashuvidan so‘ng olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Birinchi bo‘limda goldan so‘ng 10-15 daqiqa xotirjamlikka berildik. Afsuski, hech buni yo‘q qila olmadik. O‘tgan tur “Paxtakor” buni kechirmagan edi. “Qizilqum” ham ushbu vaziyatdan foydalanib qolishi mumkin edi. Futbolda bunday xatolar kechirilmaydi. Ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik va haqli g‘alabaga erishdik.
Futbolda g‘alaba qozondik deb, bir soniyaga ham xotirjamlikka berilmaslik kerak. Bir narsani bugungi uchrashuvdan oldin ham futbolchilarga eslatdim. 1989 yil Saudiya Arabistonida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi JChda Ittifoq termasi tarkibida chorak finalda Nigeriyaga qarshi bahs olib borgan edik. 60-daqiqaga qadar 4:0 hisobida oldinda borib, yakunda 4:4 o‘ynab, penaltilar seriyasida esa mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashgan edik. Shuning uchun oxirigacha o‘ynash kerak”, - dedi Qosimov.