Coca-Cola Superliga 9-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Neftchi” (1:1) uchrashuvidan so‘ng farg‘onaliklar bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bugun ikkala jamoa ham g‘alaba qozonishni xohladi. Ammo qayerdadir, nimadir yetishmadi. Shunday ekan, durang adolatli bo‘ldi, deb hisoblayman.
Biz Ramazon oyida ham ochko yo‘qotdik, so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yubordik. Barchasi, ruhiy holatga bog‘liq. Futbolni 90 daqiqa, soniyalargacha o‘ynash kerak. Shunda muammo bo‘lmaydi.
Albatta, futbol xatolarsiz bo‘lmaydi. Ayniqsa, uchrashuv so‘nggida xato qilyapmiz. Bugun ham birinchi bo‘lim, ham ikkinchi bo‘lim so‘nggida gol o‘tkazib yubordik. E’tiborni yo‘qotmasdan harakat qilish lozim. So‘nggi uchta bahsni barchasida so‘nggi daqiqalarda xato qilib, ochko yo‘qotyapmiz.
“Surxon” jamoasi yosh, tezkor futbolchilardan shakllangan. Jamoa kuchli pressing amalga oshiradi. Ayniqsa, hujumdagi Nimelini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Raqibni o‘rganib chiqib, ularga bo‘sh hududlar qoldirmaslikni ta’kidlagan edim.
Murod Bobojonov nimaga maydonga tushmayapti? Futbolchilarning ko‘rsatkichlarini aniqlaydigan va tahlil qiladigan maxsus dasturlar mavjud. Aynan ushbu dastur natijalariga ko‘ra, u tarkibga kira olmayapti.
Lutfulla To‘rayev haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, u tajribali futbolchi va jamoamiz sardori. Unga biroz vaqt kerak. “Andijon” bilan kechgan o‘rtoqlik o‘yinida bir taym harakat qildi. Tez orada sport formasiga kirib olishiga ishonaman”, – dedi Levchenko.