13-aprel kuni “So‘g‘diyona” Coca-Cola Superliganing 10-turidan joy olgan “Turon”ga qarshi bellashuvni o‘z arenasida o‘tkazishi haqida xabar berilgandi. Kecha Liga Jizzaxdagi stadion holatini o‘rgandi.
Liga va klub o‘rtasidagi kelishuv asosida “So‘g‘diyona”ning OFK kubogi yarim finali doirasidagi o‘yinidan so‘ng yangi maydon uchun harakat boshlandi. Ayni vaqtda maydon yaxshi holatda. Drenaj va sug‘orish tizimi yangilangan. Tez orada klub sug‘orish tizimini kompyuterlashtirish jarayonini boshlaydi. Bu esa chimni talab etilgan darajada parvarishlash inson omili emas, balki aniq raqamlashtirilgan mexanizm orqali boshqarilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, mazkur chimni yaxshi holatda saqlab turish uchun texnika talab etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli qarori bu kabi texnikalarni xarid qilish uchun qulayliklarni nazarda tutadi. Shundan kelib chiqib, “So‘g‘diyona” futbol klubi Liga tavsiyasi asosida tez orada yangi texnika xarid qiladi.
Qayd etish kerak, 2022-yilda “So‘g‘diyona” klub bazasini ishga tushirgandi. 2024-yilda mazkur baza qoshidagi futbol maydoni ham Liga talab qilayotgan ko‘rinishga keltiriladi. Shuningdek, kelasi yilda klub akademiyasini rasman foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
13-maydan e’tiboran O‘zbekistonda maysasi talabga javob beradigan stadionlar soni 11 taga yetadi: “Paxtakor”, “Jar”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv” (barchasi Toshkent), “Markaziy” (Namangan), “O‘zbekiston” (Yaypan), “Istiqlol” (Farg‘ona), Markaziy” (Qarshi), “Buxoro sport majmuasi” (Buxoro), “Markaziy” (G‘uzor), “So‘g‘diyona” (Jizzax). Yil yakuniga qadar bunday maydonlar soni 14 tani tashkil qilishi rejalashtirilgan: OKMK (Olmaliq), “Bobur arena” (Andijon), “Surxon arena” (Termiz).
Ma’lumot uchun, Liga sentyabr oyidan boshlab Bekobodda futbol uchrashuvlarini o‘tkazmaslik bo‘yicha “Metallurg” futbol klubi bilan kelishuvga erishgan. Shuningdek, “Qizilqum” va “Dinamo” futbol klublari bunday chim bilan 2024-yilgi mavsumni Superligada o‘tkazish imkonsiz ekanligi yuzasidan ogohlantirilgan.