2020-yilning 3-dekabr kuni futbolchi Javlon Ibrohimov O‘FA Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitasiga “Bunyodkor” futbol klubi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha arz kiritgandi. Unda klub futbolchi oldidagi moliyaviy majburiyatini to‘liq bajarmagani da’vo qilingan.
Ishni o‘rganib chiqqan qo‘mita yakunda klub futbolchi oldidagi qarzini to‘lab berishi lozimligi yuzasidan qaror chiqardi. Biroq “Bunyodkor” futbol klubi ushbu qarordan norozi bo‘lib, O‘FA Apellyatsiya qo‘mitasiga shikoyat kiritgandi. 2021-yilning 25-may kuni Apellyatsiya qo‘mitasi ham futbolchini haq deb hisoblab, qarorni o‘zi kuchida qoldirdi.
Har ikki ishni boy bergan “Bunyodkor” futbol klubi 2021-yilning 14-iyun sanasida CAS — Xalqaro sport arbitraj sudiga murojaat qildi. Joriy yilning 25-aprel kuni ishni uzoq muddat davomida ko‘rib chiqqan CAS O‘FA Apellyatsiya qo‘mitasining 2021-yil 25-maydagi qarorini o‘z kuchida qoldirish yuzasidan qaror chiqardi.
Endilikda “Bunyodkor” sobiq futbolchisi Javlon Ibrohimov oldidagi qarzlarini to‘lab berishi kerak bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, “Bunyodkor” uzoq davom etgan jarayon uchun sud harajatlarini ham to‘liq qoplashi talab etiladi. Qayd etish kerak, sud harajatlari Javlon Ibrohimovga avvalboshidan to‘lanishi lozim bo‘lgan summadan kam hisoblanmaydi.