“Surxon”ga tegishli qarzlar hozirgacha to‘lab berilmadi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Surxon” futbol klubining futbolchilar, murabbiylar va boshqa ishchilar uchun to‘lamay kelayotgan qarzdorligi masalasini kun tartibida ushlab turibdi. Liga shu yilning o‘zida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov nomiga 3 ta rasmiy xat yubordi. Biroq viloyat hokimligi mazkur xatlarga umumiy javob qaytarish bilan cheklandi.

 

Nega Surxondaryo viloyati hokimligi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 6-yanvardagi “Surxon PFK” mas’uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi davlat ulushini “FC-Surhan” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotish to‘g‘risida”gi 4-son qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati hokimligi zimmasiga “Surxon PFK” mas’uliyati cheklangan jamiyatining o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan tezkor mustaqil audit tekshiruvini o‘tkazib, klubning aniqlangan kreditor qarzdorligini 2023-yilning 10-yanvariga qadar bartaraf etilishini ta’minlash yuklatilgan. O‘zPFL qaror ijrosi yuzasidan ma’lumot olish uchun 16-yanvar kuni Surxondaryo viloyat hokimligiga rasmiy murojaat bilan chiqdi.    

Bunga javoban shu yilning 2-fevral sanasida Surxondaryo viloyat futbol assotsiatsiyasi Ligaga xat yo‘lladi. Unda viloyat hokimi topshirig‘iga asosan vakolatli organlar ishtirokida audit tekshiruvi boshlangani, shundan kelib chiqib, “Surxon” futbol klubi 2019-2022-yillar davomida O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazgan barcha shartnomalardan nusxa taqdim etish so‘ralgan. Liga mazkur so‘rovga muvofiq bir kun ichida tegishli shartnomalardan nusxalar taqdim etdi. Qaror ijrosi bajarilishi lozim bo‘lgan sanadan 100 kundan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qaror ijrosi ta’minlanmadi.

Liga 25-mart kuni viloyat hokimiga rasmiy xat bilan chiqib, mavjud qarzdorlik 29-mart sanasiga qadar bartaraf etilmasa, “Surxon” futbol klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kirita olmasligi va buning oqibatida klub 2024-yilgi mavsum oldidan quyi divizionga tushirilishi mumkinligini ma’lum qildi. Bunga javoban viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Oripov 31-mart kuni qarzdorlikni to‘lash bilan bog‘liq harajatlarni qoplash uchun zarur bo‘lgan mablag‘ homiylik yoki byudjetdan tashqari qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishini ma’lum qildi. Mazkur javob xatida qarzdorlikni bartaraf etishning aniq muddati ko‘rsatilmaganidan kelib chiqib, O‘zPFL 5-aprel kuni viloyat hokimligiga navbatdagi so‘rovni yubordi. A.Oripov tomonidan esa 14-aprel kuni xuddi avvalgi mazmundagi javob xati takroran taqdim etildi.

 

O‘zPFL bunga javoban qanday chora ko‘rishi mumkin?

O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Surxon” futbol klubi eski qarzdorlik masalasini ijobiy hal qilmagani sababli OFK litsenziyalash platformasida mazkur holat aks etishini ta’minladi. Bu esa futbol klubining xalqaro litsenziyani qo‘lga kirita olmasligida asosiy mezon bo‘lishi mumkin. Agar “Surxon” futbol klubi litsenziyani qo‘lga kirita olmasa, uning 2024-yilgi mavsumni qaysi ligada o‘tkazishi masalasi O‘FA tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mazkur qoida “Superliga va Pro liga reglamenti”ning 10.2-bandida o‘z ifodasini topgan. Liga bu boradagi so‘rovni assotsiatsiyaga rasman kiritishi uchun iyun oyini kutishga to‘g‘ri keladi. Sababi OFK litsenziyalash jarayoning yakuniy natijalari aynan shu oyda rasman e’lon qilinadi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori ijrosini kechiktirayotgani, FIFA me’yorlariga ko‘ra mazkur holat uchun “Surxon” futbol klubi ham bevosita javobgar ekanligidan kelib chiqib (yangi ta’sischi Liga oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarilishini ta’minlayotgan bo‘lsa ham, FIFA normalariga ko‘ra u avvalgi ta’sischining majburiyatlari uchun ham javobgar hisoblanadi), Liga O‘FA qoshidagi Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mitaga “Surxon” futbol klubi bilan bog‘liq masala to‘la echim topguniga qadar futbol klubining transfer oynasidagi harakatlarin cheklash yuzasidan taklif kiritdi. Qo‘mitaning qarori yuzasidan alohida ma’lumot taqdim etiladi.

“Surxon” futbol klubining 2019-2021-yillar davomidagi moliyaviy faoliyati va buning oqibatida qator ishchi-xodimlar o‘z haqini o‘tgan vaqt davomida undira olmayotgani masalasida O‘zbekiston Professional futbol ligasi o‘z vakolati doirasida etarli darajada ish olib bordi va buning natijasida ayrim qarzdorliklar bartaraf etildi, qolgan qarzdorliklar yuzasidan esa Vazirlar Mahkamasi shu yilning 6-yanvar kuni qaror chiqardi. Ishonamizki, hukumat qarori ijrosi tez orada ta’minlanadi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb