Coca-Cola Superliga 7-turida o‘z maydonida “Metallurg”ni yirik hisobda yutgan “Andijon” klubi ustozi Aleksandr Xomyakov g‘alaba siri, taktika, Andijondagi stadion qachon tayyor bo‘lishi va raqib haqidagi savollarga javob berdi.
“Bugungi g‘alabaning asosiy faktorlaridan biri to‘g‘ri taktika tanlaganimiz bo‘ldi deyish mumkin. Raqibning xatolaridan foydalana oldik. Asosiy urg‘u dastlabki 10 daqiqalikka qaratilgan edi. Bundan unumli foydalana oldik. Goldan keyin o‘yinni to‘liq nazorat qildik, deyish mumkin. G‘alabani esa, andijonlik muxlislarga bag‘ishlayman”, - dedi Xomyakov.
“Albatta, har bir o‘yinda faqatgina g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Murabbiy sifatida shuni istayman, shunga harakat qilaman, bu oson emas, ammo uddalaydigan vazifa”.
“Ochig‘i, klubimiz qachon o‘z uy stadionida o‘ynashi haqida hech nima bilmayman. Andijondagi stadion may oyi oxirlarida bitadi deyishgan edi. Rosti, bilmayman. Albatta, biz ham tezroq o‘yinlarimizni uyimizda o‘tkazishni istaymiz. Rahbariyat bu borada ishlayapti”.
“Metallurg”ning avvalgi o‘yinlarini ko‘rdim va aytishim mumkinki, jamoa to‘pni nazorat qiladigan, kuchli ijrochilarga ega va darajasi yuqori bo‘lgan jamoa. Bu jamoa hali ko‘pchilikni qiynaydi”.