Coca-Cola Superliga 7-turida safarda “Andijon”ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan “Metallurg” klubi bosh murabbiyi Vesko Steshich mag‘lubiyat sabablari, kimlar aybdor ekani va liga darajasi haqidagi savollarga javob berdi.
“Bugun ochig‘i umuman o‘yin qovushmadi. Birinchi hujumdayoq gol o‘tkazib yubordik. Keyin hisobni tenglashtirish uchun harakat qildik, ammo yana gollar o‘tkazdik. Bunday mag‘lubiyatlar tez-tez bo‘lmasa ham, uchrab turadi. Umid qilamanki, bunday mag‘lubiyat yigitlarni diqqatini jamlashga va jipslashtirishga turtki bo‘ladi”, - dedi Steshevich.
“Faqat hujumchilar emas, maydonga tushgan barcha mag‘lubiyatga aybdor. Jumladan, men ham. Qaerdadir ko‘proq xatolar qildik, yaxshi tayyorlana olmaganimiz uchun yutqazdik. Raqibni esa bugungi ishonchli va chiroyli g‘alaba bilan tabriklayman”.
“Liga darajasi juda baland ekanini ko‘rish mumkin. Bu yerdagi o‘yinlar juda shiddatli va keskin kurashlar ostida kechayapti. Shaxsan men juda ajablandim. Bizga hozircha stabillik yetishmayapti. Umid qilamanki, keyingi o‘yinlargacha barchasi joyiga tushadi”.