
Coca-Cola Superliga 6-turi doirasida o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etgan “Paxtakor” klubi ustozi Maksim Shatskix jamoasi jasorat ko‘rsatgani, himoyachilar, Tursunov qanday holatda ekani va darvozabonlar haqida gapirdi.
“Deyarli 95 daqiqa maydonda kamchilik bo‘lib o‘ynab g‘alabaga erishdik. Bugun futbolchilarim jasorat ko‘rsatishdi. Buning uchun ularning oldida bosh egaman. Juda katta mashaqqat va mehnat tufayli g‘alaba qozondik. Ular qiyin o‘yinda oxirigacha harakat qilishdi va g‘alaba uchun turib berishdi”, - dedi Shatskix.
“O‘yin oxirlarida biroz diqqatimizni yo‘qotdik. Futbolchilar ham biz kabi odam. Charchoq alomatimi, boshqa sabablarmi, bilmayman. Ular ham xato qilishadi, charchashadi. Gol o‘tkazib yuborganimiz yaxshi emas, albatta, ammo himoyachilarning o‘yinidan ko‘nglim to‘ldi. Oxirgi daqiqalargacha himoyachilar raqibga deyarli imkon berishmadi. Bu himoyachilar bilan bundan ham yaxshiroq o‘ynash mumkin. Bunga ishonaman”.
“Doston Tursunov bilan alohida gaplashish shart emas. Barchasini yaxshi tushunib turibdi. Jamoadoshlarini biroz qiyin ahvolga solib qo‘yganini biladi. Tursunov professional, nima holat yuz berganini tushunadi. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi. U bilan yana alohida gaplashmayman. Holatini tushunaman. Barchasi unutildi”.
“Ikki nafar yaxshi saviyadagi darvozabonlarimiz bor. Yana bir yosh darvozabonimizga hozirda imkoniyat bera olmaymiz. U hozir yoshlar termasi bilan yig‘inlarda ishtirok etyapti. Darvozabonlarimiz ko‘p xato qilishyapti degan fikrga qo‘shilmayman. Ularning jiddiy xatolarini ko‘rmadim. Butun jamoa himoyada o‘ynaydi va butun jamoa hujum qiladi. Xatoni barcha qiladi. Darvozabonlarimizning holatidan ko‘nglim to‘q. Kim gol urishi ham shunday ahamiyatsiz. Asosiysi, birdamlik va hamjihatlikda o‘ynash”.