
Coca-Cola Superliga 5-turi doirasida safarda amaldagi chempion – “Paxtakor” jamoasiga mag‘lub bo‘lgan “Qizilqum” klubi bosh murabbiyi Asror Aliqulov raqibga qarshi tanlangan taktika, jamoasining kamchiliklari, intizom va hujumchilar haqida gapirdi.
“Ushbu bahsga tayyorgarlik jarayonida raqibga dastlabki daqiqalardanoq bosim qilishni reja qilgan edik. Rejamiz o‘xshamadi. Juda sekin harakat qildik. Raqib bizni xatolarimiz evaziga jazoladi. Ular tezroq fikrlashdi, tezroq to‘p bilan muomala qilishdi. Xatolarimiz evaziga bugun mag‘lub bo‘ldik”, - dedi murabbiy.
“Bugungi tarkibning asosini tashkil etadigan futbolchilar o‘tgan mavsum asosan zaxirada o‘tirgan futbolchilar. Xolto‘raev bizning o‘yin uslubimizga mos bo‘lgani uchun jamoaga taklif etildi. Jamoada hujumlarni boshlaydigan, markaz bilan hujumni bog‘laydigan o‘yinchi yo‘q. Gollar ham asosan Kenjaboev va Xolto‘raevning individual harakatlaridan keyin yuzaga kelayapti”.
“Jamoada intizom masalasi o‘ylantirayapti. Chempionat boshidan mana uchinchi marta o‘yinchimiz maydondan chetlatilmoqda. Bu hususda gaplashib olishim kerak. Shtabimiz bilan buni gaplashamiz”.
“Hujum chizig‘imizni yanada kuchaytirish uchun Mbaomani taklif qildik. Yaxshi hujumchi, faqat moslashib olishi uchun vaqt zarur”.