Birinchi liga ilk turidan o‘rin olgan “Paxtakor-79” — “Yangiyer” o‘yini boshqa sanada bo‘lib o‘tadi va Liga uchrashuvning aniq sanasiga keyinroq oydinlik kiritadi.
Aslida mazkur uchrashuv bugun — 8-aprel kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq mezbon jamoaga bog‘liq bo‘lmagan ayrim muammolar sabab Liga komissari uchrashuvni boshlashga ruxsat bermadi. Gap shundaki, “Paxtakor-79” 2023-yildan boshlab o‘zining uy uchrashuvlarini Angrenda o‘tkazadi. Shundan kelib chiqib, Angren hokimligi shahardagi stadionni pardozlash yuzasidan qator ishlarni amalga oshirdi. Biroq stadionning xavfsizlik rejasini tegishli organlar bilan kelishish masalasi uchrashuv startiga qadar hal etilmadi.
Yarim professional futbol jamoalari o‘rtasida o‘tadigan musobaqadagi mazkur holatning hokimlik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq tomonlari keyingi o‘yinlarga qadar Liga tomonidan tartibga solinadi. Angren shahriga futbol qaytayotgani, “Paxtakor-79” jamoasi so‘nggi oylar davomida barcha yo‘nalishda to‘g‘ri ishlashga harakat qilayotgani, aynan Birinchi liga uchun maydon va uning atrofida katta ishlar amalga oshirilgani, shuningdek, “Yangiyer” futbol klubining O‘FA qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talabni 8-aprel sanasiga qadar bajara olmagani kabi faktorlar inobatga olinib, Liga ushbu uchrashuv uchun hech bir jamoaga texnik mag‘lubiyat yozmaslikka qaror qildi.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasmiy uchrashuvlarni tashkil etishda uning rasmiylari hamda muxlislar xavfsizligi masalasini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Shundan kelib chiqib, bu kabi holatlar kelgusida tartibga solinadi.