Musobaqalar starti oldidan barcha klublar o‘z rasmiy shaxslari va futbolchilarini Ligada yangi mavsum uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi. Ilgari ro‘yxatdan o‘tish jarayoni bevosita Liga ofisiga kelib amalga oshirilgan bo‘lsa, bu yildan e’tiboran O‘zPFL yangi My League elektron platformasini ishga tushirdi. Endilikda klublar futbolchi hamda murabbiylari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini, shuningdek, yangi mavsum uchun taqdim etiladigan klub va stadionga oid hujjatlar to‘plamlarini My League elektron platformasi orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkaza boshladi.
Liga ro‘yxatidan o‘tish jarayonida My League platformasiga yuklangan hujjatlar sifati, ularni rasmiylashtirish bo‘yicha, shuningdek belgilangan muddatlarga to‘la rioya etishda OKMK klubi barcha jamoalardan ajralib turdi. Bu borada OKMK futbol klubi xalqaro aloqalar va litsenziyalash menejeri Jahongir Risliqboyev chindan katta ko‘lamdagi ishni amalga oshirdi.
O‘zPFL Jahongir Risliqboyevga 2023-yilgi mavsum uchun Ligaga taqdim etilishi lozim bo‘lgan me’yoriy hujjatlarni a’lo darajada ro‘yxatdan o‘tkazganligi va bu borada barchaga o‘rnak bo‘lgani uchun minnatdorchilik bildiradi va barcha klublarda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni o‘z yo‘nalishidagi samarali mehnati uchun taqdirlab boradi.