Sergey Arslonov: Nimeliga Inzagini misol qilib keltiramiz

Coca-Cola Superliga 4-turi doirasida “Buxoro”ni mag‘lub etgan “Surxon” klubi bosh murabbiyi Sergey Arslonov jamoasi nimaning hisobiga g‘alaba qozongani, Silvanus Nimelining kuchli jihatlari, uning jamoasi yopiq tarzda o‘ynamasligi va Jamolutdinovning qizil kartochkasi borasida gapirdi.

“Avvalo, aytishim kerakki bugun ehtiroslarga boy o‘yin bo‘ldi. Futbol nafaqat aql va tezlik, balki ehtiroslar orqali o‘ynaladigan o‘yin. Bugun aynan shu jihatdan yutdik. Biz o‘z ehtiroslarimizni boshqara oldik va g‘alaba qozondik”, - dedi murabbiy.

“Silvanus Nimeli juda yaxshi boshlang‘ich tezlikka ega va yaxshi pozitsiya tanlay oladi. Biz doim unga Filippo Inzagini misol keltiramiz. Italiyalik hujumchi ham yaxshi tezlikka ega, maydonda qulay pozitsiya tanlay oladigan hujumchilardan biri bo‘lgan. Silvanusda ham hujumchi uchun lozim bo‘lgan barcha jihatlar mavjud”.

“Murabbiylar shtabi o‘z falsafamizga egamiz. Biz o‘z uslubimiz va falsafamizga egamiz. Avvalgi o‘yinlarda ham, bugun ham ko‘proq hujumda o‘ynadik. Yopiq o‘yin namoyish etmaymiz”.

“Jamolutdinov maydonda juda sovuqqonlik bilan o‘ynaydigan va diplomat futbolchilardan biridir. Uning qizil kartochkasi faoliyatidagi birinchisi bo‘ldi. Avvalari hech qachon chetlatilmagan edi. U bilan gaplashib oldik. Futbol jamoaviy o‘yin va buni his qilish kerak. Ammo, jamoa g‘alaba qozonsa chetlatish unutiladi deyishadi. Biz ham buni unutamiz”.

mib
uzcard
cola
apex
bmb