
O‘zbekiston kubogining guruh bosqichiga yo‘llanma beruvchi so‘nggi ikki o‘rin uchun Birinchi liganing sakkiz jamoasi o‘zaro kurash olib bordi. Liga 24-mart kuni saralashning birinchi bosqichini yakunlagan bo‘lsa, bugun — 26-mart kuni ikkinchi bosqich doirasidagi ikki o‘yin yakuniga etdi.
Dastlabki o‘yinda “Jizzax” jamoasi Buxoroning “Nurafshon” jamoasidan ustun keldi — 5:2. Shu tariqa “Jizzax” musobaqaning “A” guruhida OKMK, “G‘ijduvon” va “Andijon-SGS” bilan kurash olib borish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi o‘yinda esa yangi tashkil etilgan “Jayxun” hamda “Olimpiya” jamoalari o‘zaro to‘qnash keldi. Murosasiz o‘yinda nukusliklar 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib, O‘zbekiston kubogini tark etdi. “Olimpiya” esa “F” guruhida “Andijon”, “Navbahor” hamda “Olimpik” kabi Superliga jamoalari bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston kubogining guruh bosqichi 2-aprel kuni “Andijon-SGS” — “Jizzax” o‘yini bilan start oladi. Liga hozirgacha barcha guruhlarning dastlabki ikki tur uchrashuvlari sanalariga aniqlik kiritib ulgurgan. Sanalar bilan mana shu havola orqali tanishib olishingiz mumkin.