
Bir necha daqiqa oldin O‘zbekiston kubogining guruh bosqichida ishtirok etuvchi barcha jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. Saralashda ishtirok etgan sakkiz jamoa ichidan “Jizzax” hamda “Olimpiya” guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Guruh bosqichi 2-aprel kungi o‘yin bilan start oladi. Shu kuni “Andijon-SGS” o‘z maydonida “Jizzax”ni qabul qilishi kerak. Xabaringiz bor, Andijondagi “Bobur arena”da ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Qo‘shimchasiga, “Andijon-SGS” Ispaniyada tashkil etilayotgan xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun 3-aprel tongda Toshkent orqali safarga yo‘l oladi. Shularni inobatga olgan holda “Andijon-SGS” guruh bosqichining dastlabki uchrashuvini Toshkentdagi “Chig‘atoy” stadionida o‘tkazadi.
“Andijon-SGS” — “Jizzax” o‘yini 16:30 da start oladi. 4-aprel kuni esa “A” guruhining ikkinchi o‘yinida OKMK Buxoroda “G‘ijduvon” mehmoni bo‘ladi. Bellashuv 18:20 da boshlanadi.