O‘zPFL rahbari va CAFA bosh kotibi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) bosh kotibi Ulug‘bek Karimov hamda O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev U20 Osiyo kubogining final uchrashuvi arafasida uchrashuv o‘tkazdi.

CAFA bosh kotibi 17-mart kuni Coca-cola Superliga 3-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” — “Navbahor” markaziy uchrashuvini stadionda kuzatdi. 18-mart kuni esa Liga ofisiga tashrif buyurdi. Xabaringiz bor, ayni vaqtda CAFA tarixda ilk bor o‘ziga a’zo assotsiatsiyalarning milliy terma jamoalari o‘rtasida xalqaro musobaqa tashkil qilish ishlari bilan band. Reja amalga oshsa, mazkur musobaqada 8 mamlakat milliy terma jamoalari ishtirok etishi katta ehtimol.       

O‘zPFL esa Markaziy Osiyo mamlakatlari professional futbol ligalari bilan hamkorlikda futbol klublari ishtirok etadigan musobaqa sari bosqichma-bosqich yaqinlashishni rejalashtirgan. Avvalroq Liga bu rejasini OFK tomonidan tashkil etilgan Elit klublar musobaqalari ishchi guruhining yig‘ilishida ham ma’lum qilgandi. Endilikda bu g‘oyani CAFA ham qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Liga kubogi yuzasidan mart oyi avvalida Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston futbol ligalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Shuningdek, 2022-yilning iyulida O‘zPFL vakillari Tojikistonning Dushanbe shahrida Tojikiston ligasi vakillari bilan ham maslahatlashuv o‘tkazgandi. Musobaqa tashabbuskori sifatida O‘zbekiston Professional futbol ligasi tez orada o‘zining dastlabki konkret taklifini Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston ligalariga taqdim etadi. Boshlanishiga klublar ishtirokida xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil etilishi, keyinchalik u rasmiy musobaqaga aylanib borishi ko‘zda tutilgan. 

O‘z navbatida Liga CAFA tashkil etishni rejalashtirayotgan milliy terma jamoalar ishtirokidagi musobaqani o‘tkazish yuzasidan barcha yordamga tayyor ekanligini bildirdi. Ayni vaqtda O‘zbekistondagi stadionlar bunday masshtabdagi musobaqalarni o‘tkazish talablariga to‘la javob beradi. Qolaversa, milliy terma jamoaning O‘zbekistondagi uchrashuvlarini futbol muxlislari ham sog‘ingan.

Ishonamizki, 2023-yil CAFA a’zo mamlakatlari hamda Markaziy Osiyo futbol ligalarining o‘zaro hamkorligi yangi bosqichga chiqqan mavsum sifatida tarixda qoladi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb