
Coca-Cola Superliga 3-turi doirasida o‘z maydonida “Bunyodkor”ga mag‘lub bo‘lgan “Andijon” klubi ustozi Aleksandr Xomyakov bugun jamoasiga nima etishmagani, zaxiradan maydonga tushgan Sohibjonov, andijonlik muxlislar va keyingi raqib haqida o‘z fikrini bildirdi.
“Bugun bizga chaqqonlik va agressiya yetishmadi. Raqib tezkor va tajribali ekanligi ko‘rinib turdi. Ular to‘p bilan muomala qilishda ham, tezkor hujumlarga o‘tishda ham to‘liq ustunlik qildi. Juda sekin o‘ynadik va raqib bizni har jihatda ortda qoldirdi”, - dedi Xomyakov.
“Ayrim futbolchilar hali bunday saviyadagi o‘yinlarda maydonga tushmagani bilindi. Raqib barcha to‘plarni ilib oldi. Juda tez harakat qilishdi, tezkor hujumlar uyushtirishdi. Biz shunchaki juda sekin o‘ynadik. Juda. Raqib bugun haqli tarzda bizni mag‘lub etdi”.
“Sohibjonov hali o‘zining formasida emas. Avvalgi o‘yin bilan solishtirganda ham deyarli o‘zgarish yo‘q. U bugun hisob 0:3 bo‘lib turganda maydonga tushdi. Harakatlari yaxshi. Umuman, uyda o‘ynayotganimizni hisobga olib ikki nafar hujumchi bilan o‘ynamoqchi edik. Ammo, hujumchilarimizda ham hali muammolar bor”.
“Bugun o‘z maydonimizdagi birinchi o‘yin va stadionga juda ko‘p muxlislar tashrif buyurdi. Ammo, ularni xursand qila olmadik. Uzr”.