
Coca-Cola Superliga 3-turi doirasida o‘z maydonida “Nasaf”ga kichik hisobda mag‘lub bo‘lgan “Buxoro” klubi bosh murabbiyi Hakim Fuzaylov mag‘lubiyatga qaramay, jamoasi ko‘rsatayotgan o‘yindan uyalmasligi, legionerlarga vaqt kerakligi, jarohatlar va zaxira o‘rindig‘idagi yoshlar haqida fikr bildirdi.
“Muxlislarga yoqadigan va qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Mag‘lubiyatga qaramay, futbolchilarning o‘yinga bo‘lgan munosabati va jamoam ko‘rsatayotgan o‘yindan uyalmayman. Yomon o‘ynamayapmiz, ammo, ochko oladigan bahslarda ochko yo‘qotayapmiz”, - dedi Fuzaylov.
“Tarkibga qo‘shilgan yangi legionerlarga vaqt kerak. Hozir jamoaga unchalik qo‘shilib keta olishmayapti, bunga esa vaqt kerak. Abduhamidov oldingi o‘yinda jarohat olgandi. Shuningdek, Stanisavlievich ham jarohati tufayli maydonga tusha olmaydi. Stanisavlievich jamoamizga kech qo‘shildi va shu bois uning jismoniy holati qolganlarnikiga qaraganda yaxshi emas.
“Bugun e’tibor bergan bo‘lsangiz, zaxira o‘rindig‘imizda uch nafar Buxoro futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan futbolchilar o‘tirishdi. Ulardan biri 2004 yil tavallud topgan va u bugun zaxiradan maydonga tushdi. Zaxira o‘rindig‘imizda asosan shunday yoshlar. Bundan esa albatta xursandman.
“Buxorolik futbol muxlislariga katta raxmat. Bugun bronza medali sohibi, amaldagi Kubok egasiga qarshi maydonga tushdik. Shunday raqibga qarshi qo‘llab-quvvatlash uchun bugun stadionga kelgan barcha muxlislarga raxmat”