
Coca-Cola Superliga 3-turi doirasida o‘z maydonida “Navbahor” ustidan g‘alaba qozongan “Paxtakor” ustozi Maksim Shatskix jamoa o‘z tarkibidan kelib chiqib taktika tanlashi, jamoaning funktsional holati va Sardor Rashidov haqida fikr bildirdi.
“Biz o‘z tarkibimizdan kelib chiqib taktika tanlaymiz – raqibdan emas. Bizda har bir o‘yinga, har bir raqibga qarshi taktikalarimiz bor. Turli taktik sxemalar, uslublarni mavsum avvalida sinovdan o‘tkazdik. Tarkibimizdan kelib chiqib maydonga tushaveramiz”, - deydi “Paxtakor” bosh murabbiyi.
Jamoam hali jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emas. Zaxiramiz ham bunga imkon bermayapti. Ammo, jamoa ishlashdan to‘xtamaydi. Strategiyamiz shunday – raqib tanlamaymiz. “Navbahor” yoki “Buxoro” bo‘ladimi, barchasiga qarshi jiddiy tayyorlanamiz.
O‘ylashimcha, bugun har jihatdan muxlislar yutdi. Ularga yoqadigan o‘yin bo‘ldi. O‘yinda ko‘plab vaziyatlar yaratib, zarbalar berib yakunda mag‘lub bo‘lish ham mumkin. Ammo, asosiysi tablo va navbatdagi uch ochko.
Futbolchilar milliy terma jamoalar yig‘iniga jo‘nab ketishadi. Ular sog‘ va jarohatlarsiz qaytishlariga umid qilamiz.
Sardor Rashidovning zaxiradan maydonga tushirilishi uning jismoniy holati bilan bog‘liq. U yig‘inlarni kechroq boshladi. Terma jamoa yig‘inlaridan boshqa Rashidov bo‘lib qaytishiga umid qilaman”.