
Coca-Cola Superligasi 3-turi doirasida safarda “Paxtakor”ga mag‘lub bo‘lgan musobaqa peshqadamlaridan biri – “Navbahor” klubi ustozi Samvel Babayan uchrashuvda durang natija qayd etilganda adolatliroq bo‘lishi, O‘runovning zaxiraga olinishi, jamoa qanday jismoniy holatda ekani va Hoshimovning chetlatilishi haqida fikr bildirdi.
“O‘yin durang bilan yakunlanganida adolatli bo‘lar edi. Birinchi daqiqadayoq gol o‘tkazib yubordik. Keyinchalik o‘zimizga kela oldik va hisobni tenglashtirdik. Uchrashuvda 10 kishi bo‘lib qolganimizdan keyin penalti ishlab oldik, ammo ura olmadik, shuncha vaziyatlardan keyin durang bo‘lganda adolatli bo‘lar edi”, - deydi Babayan.
“Hozircha, jismoniy tomondan barcha imkoniyatlarimizni to‘liq ko‘rsata olmayapmiz. Mavsum endi boshlandi va hali 70 foiz kuchimiznigina ko‘rsata oldik. Kamchiliklar etarli va ularni to‘g‘irlash ustida ishlaymiz. Bizni muxlislarimiz bundan ortig‘iga loyiq”.
“Oston O‘runovning zaxiraga olinishi – uning funktsional holati bilan bog‘liq. Uning qanotiga hujumni kuchaytirish uchun yangi futbolchi tushirdik. Davron Hoshimovning chetlatilishi uning o‘ziga dars bo‘ldi. Futbolda bunday xato qilish yaramaydi”.