
Coca-Cola Superliga 3-turidan o‘rin olgan “Olimpik” – OKMK (0:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Tipur Kapadze o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Bir epizodda xato qildik va OKMK bundan foydalandi. Olmaliqliklar safida tajribali futbolchilar mavjud, ular bunday vaziyatda kechirishmaydi. Har ikkala bo‘limda ham bir qancha xatolarga yo‘l qo‘ydik. Albatta, yoshlarda barqarorlik bo‘lmasligi mumkin. Bu jihatni to‘g‘rilash kerak ekanligini tushunib turibmiz.
OKMK bugun oddiy o‘ynadi. Asosan Boakyega uzun uzatmalar orqali hujum qilishdi. Bu esa bizga qiyinchilik tug‘dirdi. To‘g‘ri, bundan yaxshiroq o‘ynasak bo‘lardi. O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng tavakkal qilishga o‘tdik. Raqibning xatosini ham kutdik. Aynan oddiy o‘ynashgani uchun bizni ritmdan tushirib qo‘yishdi.
Tarkibda tajribali futbolchilarning bo‘lgani yaxshi, ammo bizning maqsadimiz boshqa. Yigitlarning o‘zlari rivojlanishi, yetakchilar paydo bo‘lishi kerak. Jamoa endi tashkil etilganida markazga tajribali futbolchi olish kerakligini ta’kidlashdi. Superligaga chiqqanimizda ham aytishgan edi. Bundan ma’no nima? Biz terma jamoamiz, ular turnirda bizga yordam berishmaydi. O‘yin borasida hech bir jamoaga mag‘lub bo‘lmayapmiz. Futbolchilar o‘sishdi va endi ishonchliroq o‘ynashmoqda.
O‘tgan mavsum bizni mensimay qabul qilishgan edi. Endi esa jiddiy o‘ylashmoqda. “Paxtakor”ga qarshi o‘yin futbolchilarimning darajasi yuqorilaganini ko‘rsatdi. Balki, ularni natija uchun ham o‘ynashga o‘rgatish kerakdir.
Kartochkalar masalasida ham muammolarimiz bor. Biz bularni gaplashib oldik. “Paxtakor”, “So‘g‘diyona”, OKMK kabi jamoalarga qarshi o‘ynash qiziq. Barchasi turli darajadagi futbolchilarga ega”, – dedi Kapadze.