BMB Trade group Liga rasmiy homiysiga aylandi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi BMB Trade group investitsion-konsalting kompaniyasi bilan kelishuvga erishdi. Kelishuv asosida BMB Trade group 2023-yilgi mavsum davomida Superliganing rasmiy homiysiga aylandi. 

BMB Trade group xizmatidan bugunga kelib 720 dan ziyod xorijiy kompaniyalar foydalanib keladi. Umumiy qiymati 1,5 milliard AQSH dollariga teng bo‘lgan qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirib kelayotgan kompaniya O‘zbekiston futboli va mamlakat futzalini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida so‘nggi uch yilda katta qadamlar tashladi. Jumladan: 

•  2021-yilda BMB futzal klubiga asos solindi; 
•  2021/22-yillarda “So‘g‘diyona” va “Lokomotiv” futbol klubiga homiylik qilindi; 
•  BMB Trade group, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan faol hamkorlik qilib keladi. 2022-yil aynan BMB Trade group homiyligida Italiya yulduzlaridan tashkil topgan jamoa Toshkentga tashrif buyurib, O‘zbekiston futboli yulduzlariga qarshi maydonga tushgandi. Bu o‘zbek futbolining 110 yillik yubileyi uchun kompaniyaning o‘ziga xos sovg‘asi bo‘ldi, deyish mumkin. 

2023-yilga kelib BMB Trade group O‘zbekiston Professional futbol ligasi rasmiy homiysi sifatida mamlakat chempionati rivojiga hissa qo‘shishga qaror qildi. Qayd etish kerak, kompaniya o‘zining xorijiy hamkorlari bilan Italiyaning “Milan” futbol klubi bilan ham yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.

BMB Trade group kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda mamlakatimizning oldi personlaridan biri hisoblanadi. Uning qo‘l ostidagi katta jamoa rais boshchiligida har hafta futzal sport turi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya professional futzal bilan cheklanib qolmay, havaskorlar o‘rtasida muntazam turnirlar tashkil qilib turadi. Bunda BMB Trade group tijoriy maqsadlarni ko‘zlamaydi, balki ijtimoiy yo‘nalishdagi loyihalari orqali yoshlarni sportga keng jalb qilish kabi yuksak qadriyatlarni o‘zida aks ettiradi. 

“Bugun kompaniyamiz uchun tarixiy kun. BMB Trade Group tashkil topgan dastlabki kunidan boshlab sport bilan hamohang faoliyat olib bormoqda. Maqsadimiz bitta — O‘zbekistonda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish. 

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan, qolaversa, hukumatimiz tomonidan O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish yo‘lida juda katta ish olib borilmoqda. O‘z navbatida biz tadbirkorlar ham haqiqiy vatanparvar sifatida bu o‘zgarishlarga labbay deb javob berishimiz, bayrog‘imizning jahon arenalarida baland hilpirashiga qo‘limizdan kelganicha hissa qo‘shishimiz lozim. 

E’tirof etishim kerak, so‘nggi 2-3 yilda futbol tamomila o‘zgardi. Futbolchilarga, klublarga bo‘lgan munosabat yaxshilandi. Bu xalqaro maydonda ham o‘z mevasini berayotganligini ko‘ryapmiz. O‘ylaymanki, bu hamkorligimizning endigina boshlanishi. Kelajakda bundan-da katta shartnomalar imzolab, futbolimiz rivoji yo‘lida birgalikda harakat qilamiz”, — deya ta’kidladi kompaniya boshqaruvi kengashi raisi. 

O‘zbekiston Professional futbol ligasi BMB Trade Group kabi katta tashkilot bilan hamkorlik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishini oldinga tashlangan navbatdagi qadamlardan biri deb hisoblaydi. Ishonamizki, 2023-yilgi mavsum avvalgisidan yaxshiroq ruhda o‘tadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb