
Coca-Cola Superligasi 2-turi doirasida o‘z uyida amaldagi chempion – “Paxtakor” jamoasini mag‘lub etgan “Neftchi” klubi ustozi Vitaliy Levchenko g‘alaba uchun qanday taktika tanlangani, raqibning kuchi va zaif tomonlari haqida fikr bildirdi.
“Avvalo, uchrashuv qiziqarli kechganini aytishim kerak. Bunday o‘yinlarga albatta, muxlislar tushishadi. Ikkala jamoada ham etarli imkoniyatlar bo‘ldi, ammo biz ulardan yaxshiroq foydalandik va haqli g‘alaba qozondik”, - dedi Levchenko.
“Paxtakor” amaldagi mamlakat chempioni va avval qanday kuchli bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday kuchli jamoadir. Ularga qarshi bugun tanlangan taktikamiz o‘zini oqladi. Ularning zaif tomonlarini o‘rgandik. Qanotlardan kuchli va tezkor futbolchilari borligini bilib, ataylab markazni ularga berdik va aynan qanotlarni yopishga urindik”.
“Bu bizning jamoani maksimumi emas. Potentsialimiz bundan ham yuqori. Bugungi o‘yin muxlislarga yoqdi deb o‘ylayman. O‘tgan mavsumda ham bugungi kabi taktikadan foydalangan edik. Biz raqibga qarab moslashamiz”.