Shu yilning 3-mart kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston Professional futbol ligalari rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Undagi kelishuv asosida O‘zPFL Qirg‘izistonga ikki nafar tajribali mutaxassislarini yubordi.
7-8 mart kunlari O‘sh shahrida Qirg‘iziston chempionati uchrashuvlarida faoliyat olib boradigan komissarlar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda Liganing Klublarni rivojlantirish bo‘limi mutaxassislari Ongar Jalimov hamda Vladimir Nazarov ishtirok etib, Liga tomonidan tashkil etiladigan musobaqalarda komissarlar qanday faoliyat olib borayotgani, ularning uchrashuvning boshqa rasmiylari bilan munosabatlari, Liganing jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash uchun mas’ul organlar, davlatning boshqa tashkilotlari, futbol klublari bilan qanday ishlayotgani kabi masalalarda fikr almashdi. Shuningdek, futbol klublari infratuzilmasi, ularni OFK litsenziyalash talablariga tayyorlash bosqichlari yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi.
Shu asosda Qirg‘iziston ligasi o‘z komissarlari uchun attestatsiya o‘tkazdi. 9-mart kuni esa O‘shdagi markaziy stadionda “Alay” hamda “Abdish-ota” jamoalari o‘rtasida Superkubok uchrashuvi o‘tkazildi. Endilikda Qirg‘iziston Premer-ligasining 2023-yilgi mavsumiga tayyorgarlik ishlari boshlandi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Professional futbol ligasi hozirgi kunga qadar faqatgina Premyer-liga uchrashuvlarini o‘tkazib keladi. Qo‘shnilarimiz bosqichma-bosqich quyi liga musobaqalarini ham tashkil etishni rejalashtirgan. Endilikda har ikki mamlakat ligalari bu borada o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega.