Futbol uchrashuvlari vaqtida ishtirokchilar va stadionga tashrif buyurgan tomoshabinlar xavfsizligini ta’minlash eng ustuvor vazifalardan biri.
Futbol klublari tizimida faoliyat olib borayotgan xavfsizlik bo‘yicha ofitserlar bu borada huquq-tartibot idoralari vakillari va Liga komissarlari bilan yaqindan ish olib borishmoqda.
Liga so‘nggi yillarda har mavsum avvalida klublarning xavfsizlik ofitserlari uchun o‘quv-seminari tashkil etib, ularning xizmat vazifalari, ularga qo‘yiladigan talablar, o‘yin oldidan va uchrashuv davomida stadion hududida xavfsizlik qoidalariga to‘la rioya etilishini ta’minlash kabi jihatlar bo‘yicha to‘liq tushuncha berib kelmoqda.
2023-yilgi mavsum starti oldidan o‘tkazilgan seminarda O‘zPFL, O‘FA, Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat tartibini saqlash bo‘yicha mas’ullari ishtirok etib, o‘tgan mavsum bu borada amalga oshirilgan ishlar sarhisobini bajargan holda oldindagi mavsum uchun umumiy rejalar muhokama qilindi.
Bu yildan e’tiboran har bir futbol klubi o‘z ichki xavfsizlik nizomini tasdiqladi. Endilikda uchrashuvlar paytida klublar xavfsizlik ofitserlari aynan mana shu nizom asosida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha Liga, Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi.