O‘zbekiston Professional futbol ligasi futbolchi Murod Bobojonovning Championat.asia nashri orqali “Surxon” futbol klubidan ish haqi va boshqa to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirib berish masalasi bo‘yicha e’lon qilgan murojaati yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Haqiqatdan ham “Surxon” futbol klubining futbolchilar, murabbiylar va ayrim ishchilar oldida ish haqi va boshqa to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud. Mazkur masalaning hal etilishi futbol klubini xususiy investorga o‘tkazish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinguniga qadar ma’lum vaqt talab etdi.
2023-yilning 6-yanvar kuni “Surxon PFK” MChJ ustav fondidagi davlat ulushini “FC-Surhan” MChJga sotish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hokimligi zimmasiga 2023-yilning 10-yanvariga qadar “Surxon PFK” MChJning o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan tezkor mustaqil audit tekshiruvini o‘tkazib, klubning aniqlangan kreditor qarzdorligini bartaraf etish hamda bir oy muddatda “Surxon PFK” MChJ ustav fondidagi davlat ulushini belgilangan tartibda “FC-Surhan” MChJga nominal (balans) qiymatida berish vazifasi yuklatilgan.
Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur qaror ijrosini bajarishga kirishgan. Biroq bunda “Surxon” futbol klubining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati to‘liq o‘rganilishi hamda futbol klubiga tegishli qarzdorlikning haqiqiy miqdoriga aniqlik kiritish qo‘shimcha o‘rganishlarni taqozo qilmoqda. Shundan kelib chiqib, Surxondaryo viloyati hokimligiga hozirga qadar Liga ro‘yxatidan o‘tkazilgan barcha mehnat shartnomalarining nusxasi taqdim etilgan.
Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori asosida Surxondaryo viloyati hokimligining barcha qarzlar masalasiga oydinlik kiritishi hamda mazkur qarzdorlikni belgilangan tartibda to‘lab, futbol klubini yangi investorga o‘tkazib berishidan Liga ham birdek manfaatdor hisoblanadi. Shu asosda O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazilgan mehnat shartnomalari bo‘yicha qarzdorlik masalasi O‘zbekiston futbolchilari uyushmasi bilan hamkorlikda Liga kun tartibida turgan muhim masalalardan biri ekanligini ma’lum qilamiz.