Odil Ahmedov akademiyasi va ROPSTTM hamkorlikda “Olimpiya” jamoasiga asos soldi

“Odil Ahmedov football academy” hamda Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘zaro hamkorlikda “Olimpiya” futbol jamoasini tashkil etdi. Liga esa o‘z Ustavi asosida mazkur jamoani Birinchi liga musobaqasi uchun ro‘yxatdan o‘tkazdi.   

Liga Ustavining 4.3-bandida u o‘z tashabbusi bilan bolalar-o‘smirlar futbolini rivojlantirayotgan, futbol sohasiga xususiy investitsiyalarni kiritayotgan hamda xususiy sektor tomonidan tashkil etilgan futbol klublarini kirish badalini to‘lash sharti bilan qatnashchilar safiga qabul qilishi mumkin ekanligi belgilangan. Ahmedov futbol akademiyasida ayni vaqtda 9 yosh toifasidagi jamoalar mavjud bo‘lib, ular so‘nggi yillarda muntazam ravishda respublika musobaqalarida ishtirok etib kelmoqda. 5 yil davomida mazkur maktab bolalar-o‘smirlar futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lib ulgurganligini uning tarbiyalanuvchilari turli yoshdagi O‘zbekiston terma jamoalariga jalb qilinayotgani, bir nechta tarbiyalanuvchi esa allaqachon professional shartnoma imzolashga ulgurganligi bilan izohlash mumkin.

Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi bilan o‘zaro memorandum asosida akademiyaning bir qator futbolchilari mazkur markazda tahsil oladi. Shuningdek, akademiya markaz sport bazasidan foydalanish shartida uning infrastrukturasiga investitsiya kiritib keladi. Endilikda hamkorlik natijasida yosh futbolchilar Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarga qadam qo‘yadi. “Olimpiya” Birinchi ligadan tashqari O‘zbekiston kubogi musobaqasida ham ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

2022-yilgi mavsumda Liga Samarqandning “Yunired” hamda Andijonning “Andijon SGS” jamoalari bilan xuddi shu ko‘rinishda hamkorlik qilgandi. 2023-yilda “Do‘stlik Toshkent”, “Olimpiya” kabi jamoalar litsenziyalash talablari asosida professional futbolga tayyorlab boriladi. Liga bosqichma-bosqich respublikaning davlat ishtiroki mavjud bo‘lgan futbol maktablari hamda akademiyalarini professional futbol bilan bog‘lash masalalarini shakllantirib bormoqda. 

Professional futbol ligasi “Olimpiya” futbol jamoasining kelgusi faoliyatiga omad tilaydi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb