FIFA “Mash’al”dan transfer taqiqini olib tashladi

2022-yilning 11-aprel kuni FIFA Nizolarni hal etish palatasi “Mash’al” futbol klubi va uning nigeriyalik sobiq futbolchisi Ifeanyi Ifeanyi o‘rtasidagi nizoli vaziyat yuzasidan qaror chiqargan edi. Unga ko‘ra, “Mash’al” futbol klubi zimmasiga futbolchi oldidagi belgilangan qarzdorlik va jarima to‘lovlarini 45 kun mobaynida to‘lash majburiyati yuklatilgan. Agar mazkur majburiyatlar klub tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlanmasa, klubga nisbatan milliy va xalqaro miqyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqiq qo‘yilishi haqida ogohlantirish berilgan. 

Biroq klub bu borada xabardor etilgan bo‘lsa-da, ushbu nizoli vaziyatni hal etmagan va shu munosabat bilan, FIFA 2022-yil 9-avgustdan e’tiboran “Mash’al” futbol klubiga nisbatan transfer taqiqini belgilagandi.

“Mash’al” kuni kecha nigeriyalik sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorlik masalasini hal etdi va FIFAga transfer taqiqini olib tashlash bo‘yicha murojaat yuborildi. 13-fevral kuni futbolchi tomoni to‘lov amalga oshirilganini tasdiqladi va FIFA “Mash’al” futbol klubidan transfer taqiqini olib tashladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb