“Do‘stlik Toshkent” Birinchi ligadagi ishtirokini davom ettiradi

“Do‘stlik Toshkent” jamoasi 2022-yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra Birinchi liga musobaqa jadvalida 7-pog‘onani band etgan edi.  

2020-yilda tashkil etilgan, professional klubga aylanish maqsadida sekin-asta shakllanayotgan jamoa o‘z moliyalashtirish manbaasi, bosh homiy bilan tuzilgan shartnomasi, shuningdek, jamoa stadioni, o‘quv-mashg‘ulot qarorgohi bo‘yicha hujjatlarni Ligaga taqdim etdi hamda Birinchi liganing 2023-yilgi mavsumida ham ishtirok etadigan bo‘ldi. 

“Do‘stlik Toshkent” Birinchi liga jamoalari orasida tarixda birinchi bo‘lib OFK litsenziyalash jarayonida ishtirok etishni rejalashtirgan. Shu yo‘l bilan u Pro liga sari qadam tashlashga harakat qiladi. Poytaxtning Jar-ariq mavzesida jamoa bazasi joylashgan bo‘lib, bitta katta va bitta kichik zamonaviy stadionda uning bolalar va o‘smirlar jamoalari mashg‘ulot o‘tkazadi. “Do‘stlik Toshkent”ning talab etilgan 6 yosh toifasi bo‘yicha jamoalari Toshkent shahar futbol assotsiatsiyasi musobaqalarida ishtirok etadi. Shuningdek uning U18 jamoasi assotsiatsiyaning alohida musobaqasida, birinchilikdan tashqari yana bir jamoasi esa Ikkinchi liga musobaqasida to‘p suradi.     

O‘zbekiston Professional futbol ligasi bolalar futboliga jiddiy e’tibor qaratayotgan tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlab keladi. Liga “Do‘stlik Toshkent” misolida Birinchi liga klublarini ham litsenziyalashga jalb etishni orqali Yaponiya singari uchta divizion vakillarini jarayonga qo‘shgan Osiyoning ikkinchi mamlakatiga aylanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, “Do‘stlik Toshkent” jamoasi “International Logistic Service” MChJ tomonidan moliyalashtiriladi. Ayni vaqtda Jo‘rabek Nig‘matov klub direktori sifatida faoliyat olib bormoqda.

mib
uzcard
cola
apex
bmb