2022-yilgi mavsumda Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan viloyat kubogida g‘olib chiqqan “Sementchi” jamoasi Liga tomonidan Birinchi liga musobaqasiga qabul qilindi.
“Sementchi” Farg‘ona FA ligasida 4-o‘rin bilan kifoyalagandi. Jamoa kubok sohibi sifatida o‘tgan yilning 10-noyabr kuni Qarshiga borib, o‘z hududlarida kubokka ega chiqqan jamoalar o‘rtasidagi musobaqada 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda Birinchi ligaga o‘tish turnirida ishtirok etadigan bo‘ldi. Shu yilning 4-dekabr kuni esa Buxoro mezbonlik qilgan o‘tish turnirida Sementchi yana 2-o‘ringa ega chiqdi hamda Birinchi ligada ishtirok etish uchun uch da’vogardan biriga aylandi.
Shu asosda Liga “Sementchi” futbol klubini 16-yanvar kuni qabul qildi hamda uch asosiy talabni bajarish uchun muddat belgiladi. Quvasoyliklar jamoa Ustavi, guvohnomasi, moliyalashtirish manbaasi, Ustav asosida saylangan direktor, shuningdek, jamoa stadioni, o‘quv-mashg‘ulot qarorgohi bo‘yicha hujjatlarni Ligaga taqdim etdi hamda Birinchi liga ishtirokchisi sifatida a’zolikka qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, “Sementchi” jamoasi “Building Materials Production and trading group” MChJ tomonidan moliyalashtiriladi. Ayni vaqtda Abdusamad Nazirdinov klub direktori sifatida faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston Professional futbol ligasi “Sementchi” futbol jamoasining keyingi faoliyatiga omad tilab, quvasoylik futbol muxlislarini muborakbod etadi.