Chempionatning dastlabki uch turi sanalari aniq bo‘ldi

7-fevral kuni Superliganing 2023-yilgi mavsumi uchun qur’a tashlandi. Shu asosda avvaldan rejalashtirilgan taqvimga aniq sanalarni kiritish ishlari boshlandi.

Mart oyining 20-28 sanalari FIFA kunlari sifatida belgilab olingan. O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari uning doirasida xalqaro safar o‘yinlarida ishtirok etadi. Qolaversa, 1-18 mart kunlari mamlakatimizning 4 ta stadioni U20 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Sir emaski, yana 4 ta stadion ta’mirlash ishlari sabab mavsumga tayyor emas. 

Mana shunday mushkul vaqtda O‘FA taqvim masalasida iltimos bilan chiqqan. Unga ko‘ra:

•  milliy terma jamoaga futbolchi beradigan uch asosiy klub: “Paxtakor”, “Nasaf” va “Navbahor”ning 3-turdagi o‘yinlari 17-mart sanasiga qo‘yilishi kerak;

•  Marokashga yo‘l olayotgan olimpiya termasining rejasidan kelib chiqib, “Olimpik” ishtirokidagi o‘yin ham iloji boricha ertaroq o‘tishi kerak. 

Superliga o‘yinlari futbol muxlislariga qulaylik qilish maqsadida juma, shanba va yakshanba kunlariga reja qilingan. Bunda FIFA kunlari inobatga olingan. Qo‘shimchasiga, Liga 18-mart kuni Toshkentda o‘yin tashkil qila olmaydi. Shu kuni U20 Osiyo chempionatining so‘nggi ikki uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. 

Barcha holatlarni inobatga olib, Liga dastlabki uch turning faqatgina 5 ta o‘yinida o‘zgarishlar qildi. Bu haqda qur’a oldidan futbol jamoatchiligiga ham aytib o‘tilgandi. Demak: 

•  1-tur doirasida safarda o‘ynashi kerak bo‘lgan “Nasaf” va “Surxon” jamoalari nominal mezbonga aylanadi (ularning raqibi bo‘lgan “Andijon” va OKMK uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion xalqaro musobaqa bilan band);

•  2-tur doirasidagi “Bunyodkor” — OKMK o‘yini keyinroq o‘tkaziladi (Katanes milliy termaga chaqiruv olgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qilishiga qarab mazkur bellashuv yo FIFA kunida yoki aprel oyidagi bo‘sh kunlardan birida o‘tadi);  

•  2-tur doirasida safarda o‘ynashi kerak bo‘lgan “So‘g‘diyona” jamoasi ham nominal mezbonga aylanadi (jizzaxliklarning raqibi bo‘lgan “Olimpik” jamoasi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion xalqaro musobaqa bilan band);

•  3-tur doirasidagi safarda o‘ynashi kerak bo‘lgan “Olimpik” nominal mezbonga aylanadi (o‘yin “Jar” stadionida o‘tadi). 

Kunning qolgan qismida Liga keyingi turlar masalasiga ham oydinlik kiritadi.

1-tur

3-mart, juma

Paxtakor – Olimpik

Metallurg – Neftchi

4-mart, shanba

Navbahor – Qizilqum

Nasaf – Andijon

So‘g‘diyona – Bunyodkor

5-mart, yakshanba

Turon – Buxoro

Surxon – OKMK


2-tur

10-mart, juma

So‘g‘diyona – Olimpik

Neftchi – Paxtakor

11-mart, shanba

Navbahor – Metallurg

Surxon – Andijon

12-mart, yakshanba

Qizilqum – Buxoro

Nasaf – Turon

Noma’lum muddatga qoldirildi

Bunyodkor – OKMK


3-tur

17-mart, juma

Olimpik – OKMK

Buxoro – Nasaf

Paxtakor – Navbahor

18-mart, shanba

Andijon – Bunyodkor

So‘g‘diyona – Neftchi

19-mart, yakshanba

Metallurg – Qizilqum.

Turon – Surxon.

mib
uzcard
cola
apex
bmb