“Lokomotiv” ham 2023-yilgi sarf-xarajatlari smetasini himoya qildi

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-apreldagi “Futbol klublari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 261-sonli qaroridan kelib chiqib, Musobaqalar reglamentiga Superliga va Pro liga klublari yillik xarajatlari smetasini FIFA hamda OFK talablarini inobatga olgan holda O‘FA bilan kelishishi masalasi kiritilgandi.   

2022-yilgi mavsum oldidan klublar ilk marta o‘z smetalarini O‘FAga kelishish uchun taqdim etishgan edi. Endilikda 2023-yilgi mavsum oldidan ham ushbu jarayon bajarilmoqda. Faqat bu safar klublar ikkita bosqichda smetalarini himoya qilishmoqda.

Dastlab klub 2022-yilgi smetadan o‘rin olgan mablag‘lar qanday sarf etilgani bo‘yicha komissiya a’zolariga hisobot beryapti. Shundan keyingina klubga 2023-yilgi mavsum uchun xarajatlar smetasi loyihasini himoya qilishga ruxsat berilyapti.

Professional futbol klublariga ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini monitoring qilish, klublarning infratuzilma va akademiyani rivojlantirish, shuningdek, maydonlarni xalqaro standartlarga moslashtirish va ularni sifatli saqlashga yo‘naltirishini ta’minlash maqsadida futbol klublarining yillik xarajatlar smetasi O‘FA, O‘zPFL hamda mustaqil auditorlardan tashkil topgan komissiya tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Hozirga qadar “Sho‘rtan”, “So‘g‘diyona”, “Xorazm”, “Andijon”, “Metallurg” kabi klublar O‘FA komissiyasi oldida smetani himoya qilishdi. Bugun “Lokomotiv” futbol klubi ham ortda qolayotgan yilgi sarf-xarajatlar yuzasidan hisobot berdi, shuningdek, yangi mavsum uchun yillik smetani O‘FA komissiyasi oldida himoya qildi.

Shu tartibda Superliga va Pro liganing barcha qolgan ishtirokchilari ham o‘z smetalarini O‘FA komissiyasiga taqdim qiladi. Yillik xarajatlar smetasi O‘FA komissiyasi tomonidan ma’qullanganidan keyingina klublarga yangi mavsum uchun O‘zPFLda ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat beriladi.

Oldinroq “Sho‘rtan” smeta bo‘yicha himoyani boshlab bergani haqida xabar bergan edik. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb