Pro ligada o‘zgarishlar bo‘lishi masalasi muhokamaga qo‘yildi

2020-yildan boshlab Pro ligada qator islohotlar boshlandi. 4 yillik rejaga ko‘ra, 2024-yildan boshlab Pro ligada faqatgina professional futbol klublari ishtirok etishi lozim. Bu talabga javob bermayotgan futbol klubi uchun maksimum Birinchi liga taklif etiladi.

Yakuniga yetgan mavsum tahlillariga ko‘ra, Pro liga ishtirokchilaridan “Yangiyer” hamda “Zomin” klublarida oldinga siljish bo‘lmadi. Ular yil davomida majburiyatlarni lozim darajada bajara olmaganligini ko‘rish mumkin. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL Pro liga hamda Birinchi liga jamoalari o‘rtasidagi o‘tish o‘yinini o‘tkazmaslik bo‘yicha qaror qabul qildi. Qo‘shimchasiga, mazkur ikki klubni rasman ogohlantirdi.

Roppa-rosa 10 kun avval O‘zPFL Pro liganing 2023-yilgi mavsumida ishtirok etishi mumkin bo‘lgan 6 ta klub bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Bular: “Yangiyer”, “Zomin”, “G‘ijduvon”, “Aral”, “Yunired” hamda “Andijon SGS. “Navbahor-farm” vakillari hech bir sababsiz mazkur yig‘ilishda ishtirok etmadi. Uchrashuvda O‘zPFL “Yangiyer”, “Zomin” hamda “G‘ijduvon” klublari 2022-yilda qanday ishlarni amalga oshirishi lozim bo‘lgani va ular qay tartibda bajarilgani masalasiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, birinchilikning qolgan uch klubiga Pro liga talablari to‘liq tushuntirib o‘tildi.

“Yunired” hamda “Andijon SGS” jamoalari 2022-yilgi mavsum avvalida shartli ravishda Birinchi liga musobaqasiga qo‘shilgandi. Ular yil davomida litsenziyalashning dastlabki talablarini muvaffaqiyatli bajarishga erishdi. Ayni vaqtda har ikki jamoa futbol maktabi bilan hamkorlik qiladi. “Yunired” Samarqanddagi qator maktabgacha ta’lim muassasasi hamda xususiy maktablarga ega. 2023-yilda klub investorlari tomonidan yangi universitet faoliyat boshlaydi. O‘quv dargohlari tarbiyalanuvchilari “Yunired” futbol maktabiga qabul qilinish imkoniyatiga ega. “Andijon SGS” esa O‘zPFL bilan hamkorlik doirasida viloyat futbol mahorati maktabi bilan aloqalarini tikladi hamda Birinchi ligada munosib ishtirok etdi.

O‘zPFL noyabr va dekabr oylarida Andijon hamda Samarqand viloyati hokimlari bilan uchrashuv o‘tkazib, yuqoridagi ikki futbol klubining Pro ligadagi ishtiroki masalasini muhokama qildi. Boisi, ular litsenziyalashning qator talablarini bajargani bilan, stadion masalasida qiyinchilikka duch kelishi mumkin. Taklif etilgan rejaga ko‘ra, har ikki klub o‘z viloyatining asosiy jamoalari bilan bitta stadiondan foydalanishi masalasini har ikki viloyat rahbarlari qo‘llab-quvvatladi. Italiyaning “Inter” hamda “Milan” klublari singari Samarqandning “Dinamo” hamda “Yunired” va Andijonning “Andijon” hamda “Andijon SGS” klublari uy uchrashuvlari uchun bitta stadiondan foydalanadi. Bunda viloyatning ikki jamoasi o‘rtasida yillar davomida sog‘lom raqobat yuzaga kelishi muhim masala hisoblanadi. Mazkur xususiy klublar hozircha kichik loyiha bo‘lsa-da, vaqt o‘tib o‘z viloyati bosh jamoalariga raqobat tug‘dirish orqali, ularning ham o‘sishiga sabab bo‘lsa ajab emas.

Ayni vaqtda yuqorida nomlari keltirilgan barcha jamoalarning 2023-yilgi mavsumda litsenziyalash talablarini qay tartibda bajara olishlari masalasi o‘rganilmoqda. Ular talab etilayotgan masalalar yuzasidan o‘z loyihasi hamda yillik harajatlar smetasini O‘zPFL bilan hamkorlikda shakllantirishga kirishgan. Ayni vaqtda “Aral”, “Yunired”, “Andijon SGS” kabi jamoalarda oldinga siljish bor. “Navbahor-farm”, “Yangier”, “Zomin” kabi klublarda esa buning aksi. “G‘ijduvon” nisbatan olib qaraganda 2022-yil davomida Pro ligada katta kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani yo‘q. Ammo 2023-yil haqida gap ketganida klub oldiga qator talablar qo‘yilishi aniq.

Yuqoridagi masalalar O‘zPFL Ijroiya qo‘mitasi a’zolari bilan muhokama qilindi. Hozircha “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912”, “Dinamo”, “Xorazm”, “Mash’al”, “Sho‘rtan” kabi klublarning Pro ligada ishtirok etishi borasida muammo mavjud emas. Mazkur 6 klub safiga kimlar qo‘shilishi yoki umuman qo‘shilmasligi masalasi kelayotgan hafta so‘ngiga qadar aniq bo‘lib ulguradi. Talab barcha uchun qat’iy. O‘zPFL Pro ligani hatto 6 klub bilan ham o‘tkazishga tayyor. Va albatta 8, 10 yoki 12 talik formatlar ham kun tartibiga kiritilishi mumkin. Barchasi klublarning o‘ziga bog‘liq bo‘lib turibdi.

Ma’lumot uchun, 2023-yilgi mavsumning iyun oyidan boshlab Pro liganing stadionida projektori mavjud bo‘lmagan klublari uy uchrashuvlarini o‘tkazishdan mahrum qilinishi rejalashtirilgan. Bunday talab 2021-yilning iyun oyidan boshlab Superligaga tadbiq etilgan bo‘lib, o‘sha davrdan keyin projektori mavjud bo‘lmagan stadionlarda chempionat o‘yinlari o‘tkazilmadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb